She’riyatning dongdor darg‘asi
Qutlug‘ inson, ulug‘ mutafakkir Navoiy hazratlariga bag‘ishlangan tadbirlar Respublikamizning turli tuman va shaharlarida, ta’lim muassasalarida, korxona va tashkilotlarida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Davlatimiz rahbarining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Qarori butun ma’naviyatimizga, adabiyot va san’atimizga, mumtoz san’atimizga bo‘lgan mehrning timsoli desak, mubolag‘a bo‘lmas.
Joriy yilning 9-fevral kuni QXM fakulteti moderatorligida so‘z va she’riyat sultoni Alisher Navoiy hazratlarining 580 yilligiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda institutning iqtidorli talabalari o‘zlarining g‘azal, ruboiy o‘qish mahoratlarini to‘la namoyish etdilar. Sahnaviy chiqishlari bilan tadbirga jon kiritishdi.
Tadbirda mehmon sifatida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidan Nodir Jonzoq hamda Yunus Rajabiy nomidagi musiqiy ansambl xodimi Klara To‘raevalar ishtirok etishdi. Nodir Jonuzoq o‘zining Navoiyga bo‘lgan ehtiromini dilgir so‘zlari va bag‘ishlov she’ri orqali izhor etgan bo‘lsa, Klara To‘raeva esa hazrat Navoiy g‘azali bilan aytiladigan mumtoz ashulalari bilan davraga fayz kiritdi.
TIQXMMI matbuot xizmati