Talabalar talablarini tinglash

Bilim va ilm olish talabalarning o‘quv jarayonidagi asosiy maqsadi. Uni o‘zlashtirish jarayoniga ta’sir etuvchi narsa va hodisalar bilan qiziqish zamon taqozosi, pedagoglik mas’uliyati, murabbiylik majburiyati, rahbarlik mezonidir. Salbiy jihatlarni tezroq bartaraf etish, ijobiy jihatlarini ommalashtirish va rivojlantirish soha ravnaqiga xizmat qiladi. Demak, ta’lim muassasalari rahbarlarining talaba yoshlar bilan uchrashuvlari, albatta, ta’lim darajasi va tarbiya sifatiga ijobiy ta’sir etmasdan qolmaydi.

Institutimiz rektori O‘ktam Pardaevich Umurzakov xuddi shu maqsadda joriy yilning 11 dekabr kuni institut talabalari bilan soat 11-00 va 15-00da yangicha formatda ikki marotaba samimiy tarzda ochiq muloqot o‘tkazdilar. Dars jarayonida o‘qituvchilarning bilimi, dars o‘tish mahorati borasida ta’limning samarasi xususida so‘z yuritdilar. Korrupsiyaga qarshi kurashish hammamizning burchimiz. Talaba va o‘qituvchilar orasidagi "muloqot" oldi-berdiga qurilsa, bilim ham, ta’lim ham, uning rivojiga xizmat qilmasligi, bu esa mamlakatning taraqqiyotiga salbiy ta’siri borasida kuyunib gapirdilar. Qaysi pedagogda poraxo‘rlikka mayl va ishora borligini sezsangiz, xabar qilsangiz bizga, qolaversa, o‘zingizga ham yordam qilgan bo‘lasiz, - dedi rektor o‘z nutqida.

Shuningdek, ikkinchi masala sifatida talabalarning axloqiy me’yorlariga - yurish-turish, kiyinish-ko‘rinish, xulq-atvor masalasiga to‘xtalib o‘tdilar. Misol sifatida Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy nomi bilan bog‘liq rivoyatni keltirdilar. Unda naql qilinishicha, odamzotning hayotda o‘rin tutishi, muvaffaqiyat hamda martabaga erishishi uchun to‘rtta asos kerak bo‘larkan. Birinchisi XULQ, (demak, uni 1 deb olamiz), ikkinchisi HUSN - (1 raqami yoniga 0 ni qo‘shsak, 10 bo‘ladi) uchinchisi BOYLIK - (demak, raqamlar qatoriga yana 0 ni qo‘shamiz, 100 bo‘ladi), to‘rtinchisi NASAB - (davomiga yana bir nolni qo‘shsak, 1000 bo‘ladi).

Ana shu to‘rtta asos insonning qudratini, martabasini bildiradi. Endi oldinda turgan 1 raqamini olib tashlasak, faqat nollar qoladi, xolos. Demak, insonning martabasi uchun XULQning roli katta ekan. Biz xulqiy madaniyatga ega bo‘lmasak, hayotda erishishimiz mumkin bo‘lgan barcha narsalarni yo‘qotib qo‘yamiz va harakatlarimiz qiymati nolga teng bo‘ladi.

So‘ngra rektorimiz talabalarning taklif va talablariga, savollariga aniq va lo‘nda javob berdilar. Ishtirokchi talabalar esa muloqotdagi samimiylik, ochiqlik, o‘zaro anglash va tushunish tuyg‘usining ustuvorligi uchun rektorga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi. Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari borish yo‘li ham, aslida shundadir. Tadbir yakunida institutimizning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorekori Ruzimurot Choriev talabalarning talab va istaklarini atroflicha o‘rganish borasida amaliy tarzda suhbat o‘tkazdi.

 

Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov