“PENG – SHENG” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida innovatsion amaliyot
Avval xabar berganimizdek Gidromelioratsiya fakulteti “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tashabbusi bilan kafedraga qarashli “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” ta’lim yo‘nalishi 307-guruh talabalari uchun Sirdaryo viloyatida joylashgan “Peng - Sheng” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida hamkorlik asosida ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan edi. Talabalar amaliyot davomida korxonaning barcha ishlab chiqarish zavodlarida, issiqxona va ekin dala maydonlarida o‘zlarining bilimlarini yanada mustahkamlashmoqda.
“Peng Sheng” qo‘shma korxonasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 24-iyundagi PQ-1139-sonli qaroriga asosan Xitoy davlati bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Sirdaryo tumanida joylashgan 60 dan ziyod mahsulot turlari ishlab chiqariladigan «Peng Sheng» O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi viloyatda ishlab chiqarish hajmi kattaligi bilan alohida o‘ringa ega. Korxonada oyoq kiyimlar, charmdan ishlangan buyumlar, elektron qulflar, keramik plita, santexnika jihozlari ishlab chiqariladi. Xorijiy mamlakatlarga eksport qilinayotgan mahsulotlarga boʻlgan talab ortib borayotgani mazkur korxonaning mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim oʻringa ega ekanini koʻrsatadi. Kezi kelganda aytish joizki, korxona hududida Oʻzbekiston — Xitoy doʻstlik bogʻi hamda 30 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti barpo etilgan. Soʻlim bogʻning yonginasida joylashgan mazkur MTTda mashgʻulotlar oʻzbek, xitoy, ingliz va rus tillarida olib boriladi. Shuningdek, korxonaga qarashli 150 gektar yer maydonida tomchilab sugʻorish texnologiyasi asosida parvarishlanayotgan gʻoʻzalar juda serhosil, har gektaridan kamida 50 sentner hosil olinadi.
Amaliyot rahbari “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasi stajyor-o‘qituvchisi Daulet G‘ulomov tashabbusi bilan “Peng - Sheng” korxonasining ekin maydonlari bo‘yicha ish boshqaruvchisi va loyihachisi Janob Li talabalarga tomchilatib sug‘orish tizimlarini dala sharoiti hamda ekin turlaridan kelib chiqqan holda loyihalash bo‘yicha qo‘shimcha darslar, tushuntirishlar olib bormoqda.
Dars davomida tomchilatib sug‘orish tizimi elementlarini ishlab chiqaruvchi va o‘rnatuvchi korxonalarning olib borgan faoliyatidagi o‘xshashliklar, kamchiliklari hamda yutuqlari haqida ma’lumotlar keltirilib, AutoCad dasturida tomchilatib sug‘orish tizimini loyihalash hamda tizimni masofaviy boshqarish bo‘yicha tushunchalar berilmoqda. Darslar qizg‘in savol javoblarga boy tarzda o‘tmoqda.
Korxonaning 400 o‘ringa ega oshxonasida talabalarning o‘z vaqtida hamda bepul ovqatlanishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida esa korxona hududida tashkil etilgan O‘zbekiston – Xitoy do‘stlik bog‘iga tashriflar uyushtirilib, futbol musobaqalari ham tashkil etib kelinmoqda.
Gidromelioratsiya fakulteti 307-guruh talabasi Azizbek Hasanov axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati