Samarali va natijador hamkorlik
Rivojlanish tajriba almashish yo‘sinidagi o‘zaro hamkorlikdan boshlanadi. Rivojlangan davlatlarning tajriba va an’analari qaysidir ma’noda taraqqiyotimizga xizmat qilishi aniq. Ularning ibratli jihatlari biz uchun dasturulamal bo‘lishiga shubha yo‘q. Ayni paytda ular ham bizning tajribalarimizdan unumli foydalanishadi. Har ikki tomonlama manfaatli harakatlarimiz zalvorli vazifalarni, istiqbolli rejalarni amalga oshirishda qo‘l kelishi muqarrardir. Bu mushtarak niyatlar fan va ta’limning turli jabhalariga, xususan suv xo‘jaligi tizimiga ham daxldordir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 aprelda qabul qilingan “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-sonli, 2017 yil 24 mayda qabul qilingan “Qishloq va suv xo‘jaligi tarmoqlari uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3003-sonli qarorlari hamda 2019 yil 7 martda “Xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilashga oid chora-tadbirlarni tizimlashtirish to‘g‘risida”gi PF-5687-sonli farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, qishloq va suv xo‘jaligi sohasida kadrlar tayyorlashda ustuvor yo‘nalishlari belgilab olingan edi. Jumladan, oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik va tajriba almashishga alohida e’tibor qaratilgan edi.
Shu munosabat bilan, 2019 yil 13-18 may kunlari mobaynida AQShning Alkorn universiteti prezidenti Donzel Li, shu universitetning qishloq xo‘jaligi va amaliy fanlar fakulteti dekani Edmund Bakner, Xalqaro dasturlar direktori Dovi Alipo, Missisipi shtati universiteti Xalqaro ishlar bo‘yicha vitse-prezidenti Djuli Djordandan iborat delegatsiya respublikamizning bir necha oliy o‘quv yurtlariga tashrifni boshlashdi. Xorijlik mehmonlarning e’tiroficha, ularning institutimizga tashrifi alohida taassurot uyg‘otgan. Ularga mehmonnavoz xalqimizga monand tarzda ochiq chehra va tabassum bilan qo‘llarida guldastalar ushlagan milliy libosdagi talabalarimizning peshvoz chiqishi quvonch va hayratlariga sabab bo‘ldi.
Institut rektori, professor O‘. Umurzakov xorijlik mutaxassislarni videokonferensiyalar zaliga taklif etdilar. Rektor, dastavval, mehmonlarga institutimiz tarixi va xalqaro hamkorliklarning samaralari borasida muxtasar ma’lumot bera turib, keyingi yil institutimiz tashkil etilganiga 85 yil to‘lishi munosabati bilan keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari boshlab yuborilganligini ham qayd qilib qo‘ydilar. Ular har ikkala universitet haqida iliq fikrlarni bildirar ekanlar, “biz albatta suv manbaiga daxldor ta’lim muassassi bo‘lganimiz uchun mamlakatingizdagi Missisipi daryosi ko‘z oldimizga kelaveradi”, - deya lutf etdilar. Ular yuziga bir zumda kulgi va tabassum yoyildi. Mazkur delegatsiya TIQXMMI bilan o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilindi. Uchrashuv jarayonida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Har ikkala universitet haqidagi qisqa shakldagi ma’lumotlar barcha uchun qiziqarli, albatta. Missisipi davlat universiteti - bu milliy va xalqaro miqyosdagi turli millatli, keng qamrovli, doktorlik darajasidagi o‘quv muassasasi. Jismoniy shaxslarga ta’lim va o‘sish uchun turli imkoniyatlar va qiyinchiliklarni taklif etadi. Tadqiqot, kashfiyot va amaliyotda ilm-fan dunyosiga, kuchli va kengayadigan hissalarga va Missisipi shahrining har bir hududida yashovchi insonlar uchun, turli mutaxassislik xizmatlarini ko‘rsatadi.
Alkorn universiteti Qo‘shma Shtatlardagi eng tarixiy qora-tanlilarni o‘qitish ta’lim muassasasi hisoblanib va Missisipidagi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan eng qadimgi oliy o‘quv yurtidir. Alkorn universiteti 1871 yili Missisipining eski quldor afrikaliklarning avlodlarini tarbiyalashga qaratilgan sa’y-harakatlari natijasida tashkil etilgan. Missisipi hokimiyat vakili Jeyms L.Alkorn sharafiga nomlandi. Missisipi barcha fuqarolarni o‘qitishning muhimligini e’tirof etganidek, Alkorn status va ahamiyatga ega bo‘ldi. 1871 yilda tashkil etilgan sakkizta o‘qituvchilardan universitet 800 dan ortiq professor-o‘qituvchilar va mutaxassislarga ega bo‘ldi. Talabalar soni 179 nafardan 4000 dan ortiq turli millatdoshlari bo‘lgan talabalarga ko‘paydi. Alkornning dastlabki bitiruvchilari cheklangan hududga ega bo‘lishgan bo‘lsa-da, bugungi kunda bitiruvchilarning aksariyati o‘z tanlagan kasblarida muvaffaqiyat qozonishgan va ko‘plab taniqli tadbirkorlardir. Alkorn universiteti o‘z tarixi mobaynida yetakchilikni, ta’lim muassasasining nufuzini oshirish, qiziqtirish tarzi va sifatli ta’lim olishni istagan yoshlarni jalb etishdek sharafga sodiq qolishdi. O‘nlab yillar mobaynida "katta imkoniyatlarga ega bo‘lgan kollej" mamlakatidagi yetakchi universitetlardan biriga aylandi. Alkorn davlat universiteti 50 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha bakalavriat, magistr va ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha diplom dasturlari bilan ish olib boradi. Ikkala xorijiy ta’lim muassasi va institutimiz o‘rtasida imzolangan memorandum kelajakda sohaviy tajribalarni almashish, ommalashtirish, ta’limiy jarayonda talaba va magistrantlarni o‘zaro o‘qitishdagi hamkorliklar yaxshi natija berishiga shubha yo‘q.
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov