Qilich hamda qalam bilan

Inson qalbining quvonchu-qayg‘usini, dardu-hasratlarini, insonning Vatanga bo‘lgan mehrini, munosabatini Bobur Mirzodek keng ifoda etib bergan ijodkor jahon adabiyotida kam topiladi. Boburning dolg‘ali, tashvishli ammo ibrat bo‘lgulik butun umri o‘zining hayoti va ijodi orqali bugungi kun yosh avlodga va kelajak avlodga qoldirgan katta merosi bilan ajralib turadi. Uning ijodida vatanparvarlik, insonparvarlik g‘oyalari mujassam. O‘tgan haftada hazrat Alisher Navoiy tavallud ayyomlariga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy kechalar o‘tkazilgan bo‘lsa, bugun Zahiriddin Bobur tavalludi bilan bog‘liq tadbirlar O‘zbekistonda keng nishonlanib kelinmoqda.

14 fevral kuni institutimizning madaniyat saroyida Zahiriddin Muhammad Boburning 537 yilligi munosabati bilan ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda 420 dan ziyod talaba, ellikdan ziyod professor o‘qituvchilar va institutning yoshlar bo‘yicha prorektori Ruzimurot Choriev ishtirok etdi. Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zolari, iqtidorli shoirlar Farog‘at Xudoyqulova va Alisher Boymurodovlar o‘z mulohazalari bilan boshlab berdilar. GIM fakultetining faol va iqtidorli talabalari sahna ko‘rinishlari va Bobur qalamiga mansub bo‘lgan she’rlarni maromiga yetkazib o‘qish asnosida o‘z san’atlarini namoyish etdilar.     

Ushbu o‘tkazilayotgan tadbirdan maqsad: buyuk allomalarimiz, xususan Bobur ijodini keng miqyosda o‘qitish, o‘rgatish, yubiley sanalarini nishonlash va yod etish jarayonida  buyuk ajdodlarimizning asarlarini manbalar va qo‘lyozmalar asosida o‘rganish va ularning mazmun mohiyatida nechog‘liq Vatanga muhabbat, ota-onaga e’tibor, insonlarga bo‘lgan munosabat, yurt ravnaqi uchun qanday xizmat qilish va umuman komil inson darajasiga yetishish mumkin bo‘ladigan jihatlarga ko‘proq e’tibor berishni yoshlar ongiga singdirishdir. Shu asnoda yoshlarimizda faxr-g‘urur tuyg‘ularini shakllantirish, ularga o‘xshashga intilish, qalbida havas va ishtiyoq uyg‘otish, ajdodlarga munosib bo‘lishga harakat qildirish maqsadga muvofiqdir.

Xulosa tarzida ushbuni keltirishni ma’qul ko‘rdik. Boburning aqidasi va hayotiy tajribasiga ko‘ra, har kim qilmishidan topadi: yaxshi odam yomonlik qilishi mumkin emas, yomon kimsaga esa umri ham hayf; xuddi shunday vafo qilgan vafo ko‘radi, jafo qilgan jafo. Bu fikrlar uning she’riy hikmat darajasiga ko‘tarilgan quyidagi ruboiysida o‘zining yorqin ifodasini topgan:

Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,

Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.

Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlik hargiz,

Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidur.        

Boburning qismatida shohlik va shoirlik nisbati yozilgan. U dam qo‘liga qilich, dam qalam ushlab umrguzaronlik etdi. Uning hayotiy va ijodiy faoliyatida vatanparvarlik, yoru diyorga bo‘lgan qaynoq mehru muhabbat hamda ilmparvarlik tuyg‘usi ustuvor bo‘lgan.

GIM fakulteti dekanining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Ortiq Ro‘zibaev axboroti

Institut matbuot xizmati rahbari R. Jumaniyozov