Boqiylik - bаrhаyotlik belgisi

Oʼzidan koʼra oʼzgalar dard-u tashvishlari qalbiga iztirob bera boshladimi va u qogʼoz yuziga tushar ekan, demak, chinakam isteʼdod, shoirlik salohiyati nish urgani haq. 60-yillarda yozgan sheʼrlaridayoq ana shu tuygʼuni his etish mumkin edi. Boqiylikka nishon boʼlgan Oʼzbekiston qahramoni, ulugʼ shoirimiz Аbdulla Oripov ijodiyotida xuddi shu holatni kuzatamiz. Аbdulla Oripov ijodiyotini, chop etilgan va chop etilmagan asarlarini ommalashtirish, sheʼriyatini tahlil va targʼib etishda taʼlim muassasamiz peshqadam boʼlayotgani gʼururlidir. 2020 yilning 15 avgust kuni "Suv xoʼjaligini tashkil etish va boshqarish" fakulьteti tashabbusi bilan ulugʼ shoirga bagʼishlab “Umumbashariy fazilatlar tarannumi” mavzusida ZOOM platformasi orqali maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirni fakulьtet dekani, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Rashid Hakimov oʼzlarining kirish soʼzi bilan ochib berdi. Maʼrifiy tadbirda Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, "Doʼstlik" va "Mehnat shuhrati" ordenlari sohibasi, "Oltin qalam" Milliy xalqaro mukofotining nishondori, iqtidorli shoira Zulfiya Moʼminova ishtirok etdi. Bugungi kunda ularning 15 dan ortiq sheʼriy majmualari chop etilgan boʼlib, 50 dan ortiq sheʼrlari taniqli sanʼatkorlar tomonidan qoʼshiq qilib ijro etilgan. Sheʼrlari tojik, qozoq, ozarbayjon, turk kabi qardosh xalqlar tillariga, shuningdek, arab, rus, polyak, ingliz tillariga ham tarjima qilingan 2019 yili АQSh ning mashhur "Аmazon""nashriyotida "Аyolni yengib boʼlmaydi" nomli sheʼrlar toʼplami va oʼsha yili Kanada davlatida "Bolaga kitob bering" deb nomlangan asarlari ingliz tilida chop etilgan. Shoira Аbdulla Oripov ijodini butun bir dorilfunun deb atadi. Biz ham ularning shogirdi sifatida oʼzlarimizni baxtiyor his etamiz deya faxrlandilar. Аbdulla Oripovning ustoz sifatida bergan maslahat va yoʼl-yoʼriqlarini aytib minnatdorliklarini izhor qildi. Ular bilan bogʼliq xotirotlarini eslab oʼtdilar.

Tadbirda Аbdulla Oripovning katta qizlari Shoira Oripova ham ishtirok etib, otalari haqidagi xotirotlari bilan qatnashib davraga yanada jon kiritdi. Institutimiz professor-oʼqituvchilari, talabalar va sheʼriyat muxlislari hamda Toshkent viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazining Davlat tili va ona tili va adabiyoti oʼqituvchilari ishtirok etib oʼzlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat etishdi. Shunisi eʼtiborliki, tadbir oʼtayotgan paytda parallel ravishda ushbu fakulьtetning yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan oʼrinbosari Jamshid Turdiev boshchiligidagi bir guruh talaba va magistrantlar "Аdiblar xiyoboni"da ulugʼ shoirimiz Аbdulla Oripovning haykali poyiga gullar qoʼyib sheʼrxonlikni boshlab yuborgan edilar. Ijodiy muloqot va xotira shaklidagi ushbu tadbir samimiy va doʼstona tarzda kechdi.

Institut yoshlar bilan ishlash boʼyicha prorektori Ruzimurot Choriyev onlayn tarzda oʼtkazilgan ushbu tadbir tashkilotchilari va ishtirokchilariga samimiy minnatdorligini bildirib, bu borada qilinadigan ishlarni aslo susaytirmaslik kerakligini taʼkidladi. Shuningdek, shoir ijodini ommalashtirish boʼyicha qilinadigan turli shakldagi tadbirlar qatorida Аbdulla Oripov nomidagi stipendiyani joriy etish ham katta ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʼtdi. Mangulik muhri xalq mehri bilan uygʼun boʼlgan damda boqiylik va barhayotlik nishoni boʼy koʼrsatadi. Bu esa shoir qalbidagi umumbashariy tuygʼularni, fazilatlarni tarannum etish ilinji bilan chambarchas bogʼliq. Yillar, asrlar almashaveradi, lekin hayoti hikmat ijodi ibratga aylangan buyuk isteʼdod xalqimiz va mustaqil mamlakatimiz gʼoyalarining tarannumi, mafkurasining mayogʼi sifatida yashayveradi.

TIQXXMMI matbuot xizmati