Xotin-qizlar qo'mitasining yillik hisoboti
Hisobot faoliyatning ko‘zgusi, yutuq va kamchiliklarning sarhisobi va e'tirofi. U albatta, e'tirof va e'tirozlar zamiriga qurilsa, jonli, samimiy va qizg‘in tarzda kechadi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida 16-sentabr kuni, Institut rahbariyati, institutda faoliyat olib borayotgan jamoat tashkilotlari mas'ul xodimlari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, professor-o'qituvchilar, institut xotin-qizlar qo'mitasi raisining yillik hisobotini tinglashdi. Yig‘ilishni institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Ro'zimurot Choriyev ochib, institutimizda olib borilayotgan islohotlar yuzasidan va ushbu jarayonlarda xotin-qizlarning o'rni, amalga oshirilayotgan ishlar, ilgari surayotgan tashabbuslari yuzasidan jamoaga qisqacha ma'lumotlar berdi. So'z navbati uzoq yillardan buyon, institutda turli tadbir va loyihalarda xotin-qizlarning o'rnini ko'rsatish uchun, o'z jamoasi bilan tinmay mehnat qilib, jonkuyar, yosh talaba qizlarni o'z jamoasiga olib, har jabhada faol bo'lishini ta'minlab kelgan Zulfiya Xafizovaning hisoboti tinglandi. Hisototda shu paytgacha jamoa tomonidan amalga oshirilgan tadbirlar yuzasidan aniq ma'lumotlar berildi. Xususan, 2019 yil boshida birinchi bosqich talabalari bilan kiyinish madaniyati, jamoat joylarida qizlarimiz o'zlarini qanday tutishi va boshqa axloqiy tushunchalarni yetkazish maqsadida, keng qamrovli davra suhbati uyushtirilganini qayd etdi. Hozirgi kunda Yurtimizda Xotin-qizlar tadbirkorlarlikini qo'llab-quvvatlashga juda katta e'tibor bilan yondashilmoqda, albatta, bunda bizni institutimizdagi xotin-qizlarning tadbirkorlik yuzasidan bilimlarini oshirish maqsadida, ko'plab treninglar tashkil etildi. Shuningdek, "Woman Expo" forumida ham eng faol 10 ta xotin-qizlarimiz ishtirok etdi.
Oliy ta'lim vazirligi tomonidan ilgari surilgan "Buvijonim kiygan kiyimlar" loyihasi ham Institutda yuqori saviyada tashkil etildi. Ushbu jarayonlarda fakultet xotin-qizlar qo'mitasi raislar tomonidan ham ko'plab ishlar amalga oshirildi. Jumladan, sa'natga qiziqishi yuqori bo'lgan qizlar uchun "Eng gullagan yoshlik chog'imda" loyihasi doirasida Muqaddas Xoliqova bilan davra suhbati tashkil etildi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosini taʼminlash maqsadida, har bitta yo'nalish yuzasidan tadbirlar, loyihalar amalga oshirildi. Xususan, 2-tashabbus doirasida, "Sport-go'zallik" loyihasi 2019 - yil 26 - noyabr kuni tashkil etildi, bunda ko'plab sportchi talabalarimizni ishtiroki ta'minlandi. Shuningdek, Oliy ta'lim vazirligi xati asosida, Yoshlar o'rtasida to'ylar yuzasidan Talabalar turar joyida uchrashuv tashkil qilinib, kerakli ma'lumotlar berildi.
5-tashabbus ijrosini taʼminlash maqsadida, "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish" yilida, tashkilotga 8 million so'm miqdordagi pul jalb qilindi va qizlarimizning kasbga, uy-xo'jalik ishlariga qiziqishini oshirish, milliy liboslar bilan ta'minlashga sarflandi. Bahorning yurtimizga kirib kelishi bir quvonchli kayfiyat baxsh etgan bo'lsa, Institut Yoshlar kengashi hamda xotin-qizlar qo'mitasi tomonidan "Bahorning 5 kuni" loyihasi talaba qizlarimizga yanada yuqori kayfiyat taqdim etishga xizmat qildi. Ushbu loyihaning ochilishida shaxsan institutimiz Rektori ham ishtirok etdi. Ixtirochi ayollarimizni yutuqlariga ham qisqacha to'xtatib o'tildi, INHA institutida bo'lib o'tgan forumda, "Traktorlar va avtomobillar" kafedrasidan Xoliqova Nargiza, "Oliy Matematika" kafedrasidan H. Komilova ishtirok etishib institutimiz faxriga aylanishdi. Bahorgi mavsumda, Pandemiya bo'lishiga qaramasdan, bir nechta loyihalar amalga oshirildi, qizlarning tikuvchilik, to'qish, kashtachilikdan mahoratini sinovdan o'tkazish hamda yangi ko'nikmalar berishga qaratilgan, sovrinli tanlovlar tashkil etildi, videoroliklar orqali ishlar ko'zdan kechirildi. Zulfiya Xafizova o‘z hisobotida yuqoridagi faktlarni keltirib nutqini yakunladi. So‘ngra prorektor Ro'zimurot Choriyev o'z fikrlarini bildirib, konferensiya ishtirokchilaridan o‘z mulohaza va tavsiyalarini bildirishni so‘radi. "Suv xo'jaligida iqtisodiyot" kafedrasi mudiri Umida Sangirova o'z fikrlarini bildirar ekan, Institutda olima ayollar ko'pligini ta'kidlab o'tdi, shulardan, 11 ta professor, 31 ta dotsent, 22 ta katta o'qituvchi, 60 nafari assistentlardir.
Ushbu tajribali ayol o'qituvchilarimiz bilan, ustoz-shogird an'anasini yo'lga qo'yish hamda qizlarni ham ko'proq ilmiy sohaga qiziqishini orttirsak, Institutimiz nufuzi uchun samarali bo'ladi deya o'z nutqini yakunladi. Keyingi so'z navbati Shoxista Muhammadjonovaga berildi, u "Xotin qizlarni birlashtiradigan, ularni har doim tashabbusga chorlab turadigan jamoa tuzish eng asosiy ishlarimizdan biri, bu borada bir tanu, bir jon bo'lib ishlashimiz zarur. Sportga ko'proq e'tiborni oshirib sportchi qizlarimizni Respublikaga tanitishimiz kerak" deya o'z nutqini yakunladi. Xotin-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashda har doim yordamini ayamaydigan Fakultet dekanlariga so'z berildi, "Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish" fakulteti dekani Rashid Hakimov o'z fikrlarini bildirib, institutdagi ayollar o'rnini oshirish uchun har doim yonib xizmat qilishga tayyor ekanini, bu borada yangi loyihalarni amalga oshirishini ta'kidlab o'tdi.
Fikrlar yakunida, Ro'zimurot Choriyev institutdagi amalga oshirish kerak bo'lgan ishlar ko'pligi va bunga jamoani kuchi va bilim salohiyati yetadi deya, xotin-qizlar jamoasini yanada ruhlantirdi. So'z yakunida, Institut Rektorining xotin-qizlar masalasi bo'yicha maslahatchisi, xotin-qizlar qo'mitasi raisi etib bir ovozdan Ismoilova Zuhra Karabayevna tasdiqlandi. Umida Sangirova hamda Zulfiya Xafizovalar o'rinbosar sifatida faoliyat yuritishi belgilandi. Hamda institutdagi barcha ishlar muhokamasi uchun 21 kishidan iborat kengash shakllantirilib, uning a'zolari o'qib eshittirildi. So'z navbati Zuhra Karabayevnaga berildi, u o'ziga bildirilgan ishonchga ma'suliyat bilan yondashib, institutdagi muhitni yanada yaxshilash, kelajak avlod uchun bor bilim salohiyatini ishga solishini ta'kidlab o'tdi. Konferensiya yakunida Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Ro'zimurot Choriyev yig'ilish ishtirokchilariga o'z minnatdorchiligini izhor etdi va jamoaning kelgusi faoliyatiga ulkan zafarlar tiladi.
TIQXMMI matbuot xizmati