Ozuqalarni tayyorlashni mexanizatsiyalash mavzusida ochiq ma’ruza
“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 2018 yil 1-oktyabr №95 sonida e’lon qilingan navbatdagi Ochiq ma’ruza 2018 yil 16-oktyabr kuni 4-juftlikda “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti 4 kurs 9-guruh talabalariga bo‘lib o‘tdi. Ma’ruzani Qishloq xo‘jaligi mashinalari kafedrasi dotsenti Alijanov Djapbor Aqilbekovich “Chorvachilikni mexanizatsiyalash” fanidan “Ozuqalarni tayyorlashni mexanizatsiyalash, ozuqalarning sinflanishi va ularni oziqlantirishga tayyorlash usullari” mavzusida o‘tib berdi.
Ma’ruzada “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti dekani Ulug‘bek Qo‘ziyev, Qishloq xo‘jaligi mashinalari kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda O‘quv-uslubiy boshqarmasi hodimlari ishtirok etishdi. Ma’ruzachi talabalarga Ozuqalarni tayyorlashning mexanikaviy, kimyoviy, biologik va issiqlik usullari haqida ham batafsil ma’lumot berib o‘tdi: Ozuqalarni tayyorlashning mexanikaviy, kimyoviy, biologik va issiqlik usullari aloxida yoki maxsus texnologiyaga muvofiq birgalikda foydalaniladi. Ozuqa tayyorlashning mexanikaviy usuliga maydalash, oqlash, aralashtirish, me’yorlash va shu kabi ishlar kiradi. Kimyoviy usul ba’zi turdagi ozuqalarga kimyoviy moddalar (xlorid kislota, ohak suvi, ishqorlar) bilan ta’sir ko‘rsatishdan iborat. Issiqlik usullari ishlov beriladigan ozuqaga maxsus ishlov texnologiyasiga muvofiq holda issiqlik bilan ta’sir ko‘rsatishdan iborat. Biologik usullar ozuqaga turli mikroorganizmlar va fermentlar ta’siriga asoslangan. Ma’ruza so‘ngida o‘qituvchi talabalarga Konseptual jadval asosida mustaqil ish topshirig‘ini vazifa qilib berdi.
O‘quv-uslubiy boshqarma uslubchisi Maftuna Tosheva axboroti.