Senator mulohazalari
Qaysi bir davlat, jamiyat yoxud tuzumning qiyofatini ayollariga bo‘lgan munosabatidan anglash mumkin degan mazmundagi mashhur hikmat bejiz aytilmagan. Oila degan so‘zning o‘zagi ham ayol degan (arabcha) so‘zdan tarkib topgan. Shunday ekan, jamiyat va avlodlar barhayotligining mezoni, naslning davomiyligi ular bilan bevosita bog‘lanadi. Bizning davlatimizda xotin-qizlarga munosabat yuqori darajada. Ayollarning tenghuquqliligi, ular uchun yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar, “Asosiy qonunimiz”ga “Oila” degan maxsus moddaning kiritilgani ham bu fikrni to‘la tasdiqlaydi.
Bu borada “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi Konvensiya alohida mohiyat kasb etadi. Ana shu mavzuda o‘z fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashish uchun O‘zbekiston Respublika Oliy Majlisi senatori Svetlana Artikova taklif etildi.
Institutimizning muhtasham konferensiyalar zalida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining professor o‘qituvchilari, talaba qizlari va shu sohaga mutasaddi mehmonlar ishtirok etishdi.
Ma’lumki, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiyada xotin-qizlarga nisbatan kamsitilish–aniqlash, kamsitilishga barham berish uchun qabul qilish zarur bo‘lgan chora-tadbirlar, konvensiya bilan boshqariluvchi masalalar, umumiy tavsiyalar, xotin-qizlarga nisbatan kamsitilishga barham berish bo‘yicha qo‘mita ma’ruzalarni taqdim qilish jarayoni, nodavlat tashkilotlarning o‘rni, qo‘mitaga alternativ ma’lumotlarni taqdim qilish kabi bir qancha masalalar o‘zining yaqqol ifodasini topgan.
Shuniyam e’tirof etish kerakki, xotin-qizlarga munosabatning nafaqat dunyoviy balki diniy mohiyati ham e’tiborli. Qur’oni karimdagi "Niso", "Nur", "Taloq" va "Maryam" suralari ham aynan ana shu zoti sharifalarga bag‘ishlangan.
BMTning "Inson huquqlari Deklaratsiyasi" qabul qilinganiga 50 yil to‘lishi arafasida O‘zbekistonda "Xotin-qizlarni har qanday kamsitilishiga barham berish Konvensiyasi"ning chop etilishi ham e’tiborga molik. 30 ta moddadan iborat bo‘lib barcha xotin-qizlarning teng huquqlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan tarixiy hujjat bu. Uning ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz tillaridagi matnlari aynan bir xildadir. Saqlash uchun BMT Bosh kotibiga topshiriladi(30 modda).
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham bu haqda alohida to‘xtalib o‘tilgani bejiz emas. “Xotin-qizlar va yoshlarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish lozim.Bu borada joriy yilda ko‘rilgan amaliy choralarga qaramasdan, haligacha og‘ir turmush sharoitida yashab, ish bilan ta’minlanmagan 13 mingdan ziyod xotin-qizlar borligi achinarlidir.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Xotin-qizlar qo‘mitasi hududiy hokimliklar bilan birgalikda bir oy muddatda ana shunday ayollarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan dastur ishlab chiqishi zarur. Markaziy bank, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri rahbarlariga 2019 yilda turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan 1 ming 600 nafar xotin-qizlarni imtiyozli kreditlar asosida arzon uy-joylar bilan ta’minlash vazifasi topshiriladi.” Prezidentimizning ushbu e’tirofidan shuni anglash mumkinki, xotin – qizlarning ijtimoiy jarayondagi o‘rni va roli beqiyosdir.
Tadbir savol va javoblar tarzida, ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublika Oliy Majlisi senati raisining o‘rinbosari, senator Svetlana Baymirzayevna Artikovaga institutimiz rektori va “Notiqlik san’ati akademiyasi” ta’lim muassasasi direktorining FAXRIY YORLIG‘I minnatdorchilik yo‘sinida taqdim etildi.
Institut xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulfiya Hafizova, Iqtidorli yoshlar bilan ishlash va ma’naviyat bo‘limi boshlig‘i Zuhriddin Haydarovlar axboroti
Institut Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov