Talaba – yoshlar o‘rtasida millat tanlamas illatlarga qarshi kurash mavzui
Hozirgi vaqtda giyohvandlik balosi insoniyat hayotiga jiddiy xavf solayotgan, mash’um illatlardan biri bo‘lib turibdi. Bejizga uni “Asr vabosi” deb ta’riflashmaydi. Giyohvandlik muammosi jamiyat, millat ravnaqiga jiddiy putur yetkazuvchi bo‘lib, hozirda dunyo davlatlarini tashvishga solib kelmoqda. Giyohvandlik oqibatida minglab norasida go‘daklar mayib majruh tug‘ilmoqda, oilalarda ajrashishlar ko‘paymoqda va dunyoda millonlab odamlar hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda. Eng afsuslanarli jihati shundaki, bu jirkanch narsaga mubtalo bo‘lgan kimsalarning tuzalishi qiyin kechadi.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida 19 fevral kuni tashkil etilgan tadbirda ana shu masalalarga e’tibor qaratildi.
Tadbirni “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakulteti dekani R.Xakimov boshqarib bordi. Tadbirda Toshkent shahar IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi o‘ta mavhum ishlar bo‘yicha katta tezkor vakil mayor O.Elchiboev, Mirzo Ulug‘bek tumani IIB voyaga yetmaganlar va yoshlar huquqbuzarliklari profilaktikasi inspektori podpolkovnik Sh.Hikmatullaev, “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakultetining Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari J.Turdiev hamda barcha fakultetlarning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovinlari, 11 nafar professor - o‘qituvchilari hamda 158 nafar talaba- yoshlar ishtirok etishdi.
Dastavval, so‘zga Toshkent shahar IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi o‘ta mavhum ishlar bo‘yicha katta tezkor vakil mayor O.Elchiboev chiqib o‘z ma’ruzasida tadbir ishtirokchilariga giyohvandlik va uning salbiy oqibatlari haqida daliliy misollar keltirdi. O‘tgan yillar davomida narkobiznesga qarshi olib borilgan ishlar mamlakatimizda giyohvandlikning oldini olish, psixatrop vositalar oldi-sotdisini bartaraf etish samaradorligini oshirishiga olib keldi.
Avvalo, bu kabi sa’y-harakatlarning huquqiy asosini mustahkamlash uchun qator normativ-huquqiy hujjatlar, xususan, “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi hamda BMT konvensiyalarini ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlar qabul qilindi. Bundan tashqari, Narkotik moddalarni nazorat qilish davlat komissiyasi tuzildi. Uning 2011 yil 8 iyundagi qarori bilan Narkotik moddalarning suiste’moli va noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha 2011-2015 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonun 2000 yil yanvaridan amalga kiritilishi bilan inson aql idrokiga ta’sir etuvchi moddalarni iste’mol qiluvchi shaxslarga nisbatan munosabat o‘zgarib, insoniylik tamoyillari kuchaytirildi.
Shuningdek, narkologik moddalarni iste’mol qilgan shaxslarning shaxslar psixologik va tibbiy xolati, organizmidagi o‘zgarishlari to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tdi hamda giyohvand, tamaki va alkogol moddalarni iste’mol qilishning zararli oqibatlarini statistik ma’lumotlar asosida yoshlarga keng tushuntirib berdi.
So‘ngra Mirzo Ulug‘bek tumani IIB voyaga yetmaganlar va yoshlar huquqbuzarliklari profilaktikasi inspektori podpolkovnik Sh.Hikmatullaev ma’ruzasi tinglandi.
U o‘z ma’ruzasida quyidagilarga ahamiyat berdi. Giyohvandlikka odatda, ruhan zaif, irodasi bo‘sh, birovlarga taqlid qilishga moyil, o‘ta xudbin kishilar beriluvchan bo‘ladi. Bunday shaxslar o‘z moyilliklariga qarshi kurasholmaydilar. Bora-bora organizmdagi moyillik “mutlaq g‘olib” ga aylanadi.
Ta’kidlash lozimki, yoshlar tarbiyasi sohasidagi muammolarni qanchalik tez hal qila olsak, bu illatga qarshi samarali kurasha olamiz. Buning uchun har bir kishida ijtimoiy burch tuyg‘usini tarbiyalash kerak. Bundan tashqari, bugun barcha illatlarga qarshi ayovsiz kurash ketayotganda jazolashni asosiy chora deb qaramasdan, profilaktika, ya’ni illatlarning oldini olishga ko‘proq e’tibor bermoq zarur. Jamiyatimizdagi har bir muvaffaqiyatga, har bir salbiy hodisaga barcha birdek javobgardir. Keng jamoatchilik, yoshidan, millatidan, ijtimoiy ahvolidan qat’iy nazar, bir fikrni yaxshi anglab olishi shart. Insonlar “farzandim narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanmasa, uni iste’mol qilmasa bas, bu balo menga va yaqinlarimga xavf sololmaydi” deb o‘ylasa, katta xatoga yo‘l qo‘yadi deya barchani ogohlikka chaqirdi.
Tadbir davomida “Ajal og‘usi” nomli hujjatli film namoyish etildi. Tadbir so‘ngida talabalar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tushunarli va ogohlikka da’vat etgan holda javob berdilar.
Qizg‘in suhbatdan so‘ng Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakulteti dekani R. Xakimov tadbir qatnashchilariga minnatdorchilik bildirib, bu kabi davra suhbatlarini tez-tez o‘tkazish foydadan xoli bo‘lmasligini ta’kidladi.
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov