Samimiyatga qurilgan, ilmga yo'g'rilgan umr

Umr so'zi imorat so'zi bilan o'zakdosh. Umr ham imorat kabi quriladi, bo'y ko'rsatadi, insonlar undan manfaat ko'radi. Manfaatning ma'rifatga qurilishi olimining qismati. Buyuk hikmatdonlar olimning o'limi, olamning o'limi deb bejiz aytishmagan. Muhammad payg'ambar “Olimlar mening vorislarim, merosxo'rlarimdir” deyishlarida ham katta hikmat bor. Shunday insonlar bo'ladiki ular o'z hayotini mamlakat taqdirini belgilovchi ilm-fan va ma'rifat bilan bog'lashadi. Shu yo'lda tinim bilmasdan g'ayrat-shijoat bilan ishlaydi, ter to'kadi, olqishlarga sazovor bo'ladi, shu asnoda umrguzaronlik qiladi.

Ustozimiz Umurzakov O'ktam Pardayevich ana shunday insonlardan edi. Ular bugun hayot bo'lganlarida roppa-rosa 69 yoshga to'lgan bo'lar edilar. Hayot dovonlar osha ilgarilanma harakatga qiyos qilinadi. Bolalik, o'spirinlik, yoshlik, yigitlik, keksalik umr dovonlaridir. Kimdir bu dovonlardan osha oladi, kimdir esa yo'q. Ustoz bu dovonlardan barchaga ibrat bo'larlik darajada sharaf bilan osha olgan zotdir. Buning uchun insonda tug'ma iste'dod, yaratuvchanlik qobilyati va o'z ishidan oladigan zavq-shavq bo’lishi zarur. Umr yo'li silliq bo'lmaydi, shodlik va g'am, xursandchilik va alam kabi ruhiy kechinmalardan iborat. Bularga javob aql-idrok, fahm-farosat muhimi, samimiy munosabat lozim. Shundagina to'siq va qiyinchiliklar, chigal muammolar yechiladi. Daraxt bir joyda ildiz otadi degan gap bor. O'ktam Umurzakov 1969-yilda Toshkent irrigatsiya qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutiga talaba sifatida qabul qilingan bo'lsa, umrining oxirigacha hayotiy yo'li, ilmiy-pedagogik va rahbarlik faoliyati xuddi shu ta’lim dargohi bilan bog'landi.

O'qishni muvaffaqiyatli tugatgach, institutning "Mashinalar puxtaligi va remonti" kafedrasida stajyor o'qituvchi, kichik ilmiy xodim bo'lib ish boshladi. 1977- yildan 1980-yilgacha institutning ilmiy tadqiqot laboratoriyasida kichik ilmiy xodim bo'lib ish yuritdi. So'ngra "Materialshunoslik va mashinasozlik" kafedrasi assistenti, ilmiy tadqiqot laboratoriya mudiri sifatida o'z faoliyatini davom ettirdi. Bu paytda uning o'z ishiga mas'uliyati va ichki bir intizomi navbatdagi pog'onani egallashiga sabab bo'ldi. Natijada u 1990-1992 yillarda institutning malaka oshirish fakulteti dekani lavozimida ish yurutdi. Ilm - fanga fidoyilik va rahbarlik salohiyati yildan-yilga oshib bordi. Ta’lim muassasasining Qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari tayyorlash markazi prorektori, keyinchalik, qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash fakultetining dekani lavozimlarida ishlagan paytda, bu fazilatlar unda namoyon bo'ldi. O'z sohasini sevish, kasbiga sadoqat tuyg'usi bor bo'lgan insonda, intizom va majburiyat burchi bo'lishi aniq. Vazifasiga sidqidil yondashgan xodimlarning ish faoliyatida ularning taqdiri aks etishini bilgan rahbar, e'tiborli va ehtiromli bo'lishi muqarrar.

1999-yildan 2004-yilgacha TIQXMMI ilmiy ishlar va axborot texnologiylari bo'yicha prorektor, 2004-2011 yilgacha institutning o'quv ishlari bo'yicha birinchi prorektori vazifasida ishlagan kezlarida, yuqoridagi fazilatlar tamoyilini ko'rish mumkin edi. Shu narsa aniqki, rahbarlik mas'ullik demakdir. Bu o'zingga va so'zingga, xodimlarga, kasbdoshlar faoliyatiga javobgarlikdir. O'zidan ko'ra o'zgani o'ylash, bag'rikenglik samimiylik o'zaro hurmat va ishonch hukmron bo'lgan joyda muassasada ijodiy muhit yaraladi va ish unumi ham bo'ladi.

O'ktam Umurzakovning institut rektori vazifasini bajaruvchi sifatida tayinlangan paytida, rahbarlik majburiyatini to'la his etdi. Ilm-u ta'lim, pedagogik va rahbarlik faoliyatini omixta olib borish asnosida "Suv xo'jaligi iqtisodi" kafedrasining professori vazifasida ish yurutdi. 2017-yildan umrining oxirigacha Toshkent irrigatsiya va qishlqoq xo'jaligini mexanizatsiyalash institutining rektorlik lavozimida ishladilar.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ilm - fanga bo'lgan e'tiborgina mamlakatning taraqqiyotiga xizmat qilishi haqidagi g'oyalariga sitqidildan sadoqat bilan xizmat qildi. Farzandlarimizni imtihonga emas hayotga tayyorlash kerakligi haqidagi davlat rahbarining da'vatlariga sodiq qoldi.

Buning uchun ta'lim muassasalari rektorlari ta'lim tizimining sifati va samaradorligiga jiddiy e'tibor qilishlari zarur ekanligini anglab yetdi. Ana shu vazifaga sadoqat va jonbozlik uning Respublika oliy ta'lim kengashini tuzish zarurligi haqida jiddiy o'ylab bu ishni amalga oshirdi va unga raislik ham qildi. Kengash tashkil etilganiga ko'p bo'lmasada ta'limni rivojlantirish va isloh qilish borasida teran taklif va mulohazalar bildirib, bir qancha amaliy ishlarni yo'lga qo'ydi.

Institutimizning shonli sanasini tantanali tarzda nishonlashni domla orzu qilgan edilar. Lekin taqdir unga bu ishlarda bosh-qosh bo'lish nasib ko’rmadi. O'z kasbiga, ta’lim sohasiga mehri, hissasi ham chuqur singgan fidoyi ustoz endilikda oramizda yo'q. Ming afsuski, beshafqat ajal ularni o’z domiga tortdi. Institutga kirib borarkansiz, atrofdagi gul-u gulzor-u dov-daraxtlar, devorlar-u auditoriyalar, qo’yingki, jonli va jonsiz narsalar go'yo ustozni yo’qlab, sharaflab, taraflab pichirlayotgandek, nola-yu fig’on qilayotgandek bo'ladi.

Tinib - tinchimas, harakatchan, o’z kasbiga g’oyatda mas’uliyatli O’ktam Pardayevichning g’ayrat-shijoati, ta’lim tizimiga e’tiborining hosilasi o’laroq, ular rahbarlik qilgan ta’lim muassasasi milliy va xalqaro reytinglarda yuqori ko’rsatkichlarga erishgani sir emas. Ta'lim tizimiga oid qonun va qarorlarni, farmon va  farmoyishlarning va boshqa hukumat hujjatlarining ijrosini bekam-u ko'st bajarish, nazorat qilish u insonning tabiatiga singgan edi.

Umr oqar suvdir, aslo to’xtamas

 Inson tirikligi jismi bilanmas,

 Umr uzoqlik mezoni qoldi yaxshi nom,

E’zoz-u e’tibor hamda ehtirom.

Ilmparvar, o’ktamlik unga xosu-mos,

Odamiyligi ayricha libos.

Ezgu ishlarini eli qilar yod,

Ikkinchi umr-ku, yashashdan murod.

Darhaqiqat, ikkinchi umrini yashay boshlagan ustoz O'ktam Pardayevich samimiy inson, ayniqsa, talabalarga otalarcha g'amxo'r edilar. Rektorat majlislarida ba'zan professor o'qituvchilarga qarata “agar sizni farzandingiz o'z paytida stipendiya olmasa qanday kuyga tushgan bo'lardingiz”, deya tanbeh berishlari hamon yodimizda. To’g’ri, quyosh botish uchun chiqadi, odamzod o’lish uchun tug’iladi deyishadi. Lekin gap umrni qanday o’tkazishda. El - yurt manfaati uchun ilm-u ta’limni muqaddas tutgan ma’rifatparvar inson chin ma’noda jannatiydir. Davlatimiz rahbari g’oyalariga sadoqati, tadbirlar o'tkazishdagi jonkuyarligi, bilim va salohiyati, yuksak rahbarlik qobiliyati, boshqaruv ma'daniyati, eng muhimi, odamgarchiligi barchamizga ibrat va saboq bo’lishi kerak.

Institutning ma'naviy hayotida ustoz ham o'chmas iz qoldirdi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o'zlari Abdulla Oripov ijodiy va hayotiy faoliyatini o'rganish va asarlarini ommalashtirish, targ'ib qilishni aynan o'zlari bir paytlari o'qigan va ishlagan mazkur institutga topshirganlari professorlarning jamoasi bilan birgalikda domlani ham ruhlantirib yuborgandi. Davlat madhiyasi matnining mualliifi, O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abudlla Oripovga daxldor bo'lgan ma'lumotlarni to'plash, unga bag'ishlangan bir nechta ilmiy-amaliy konferensiya va uchrashuvlarni tashkil qilish, shoir nomidagi ijod bog'i, ko'krak nishoni, stipendiya, eng muhimi, adib nomidagi muzeyni tashkil etishdagi tashkilotchiliklari tahsinga sazovordir. 

Albatta, ustoz hayotining teran tomirlari, tayanch nuqtalari borligini eslamasdan o’tish o’rinli emas. Bu tabiiyki, oila va ustozlar nomi bilan bog’lanadi. O’ktam aka endigina uch yoshga qadam qo’yganida mehribon padari, Oqdaryo tumanining birinchi rahbari bo’lib ishlagan Parda ota Umurzakov dunyoni tark etgandi. Uning tarbiyasi, bilim olishi mehribon va g’amxo’r onaizori Xosiyatxon aya Tursunova zimmasiga tushgan. Barcha farzandlariga mehri ustuvor bo’lgan onaning duolari mustajob bo’ldi. Bu o’rinda maslahatgo’y ustozlarining yo’l-yo’riqlari ham asqotgani sir emas. O’ktam Pardayevich oqibatli shogird sifatida turli sanalar munosabati bilan har ikkala ustozini yo’qlab turar, institutga chorlab xushnud qilar edi. Bir tomonida akademik Salimov Oqil Umurzakovich bo’lsa, ikkinchi yonlarida akademik Iskandarov Sa’dulla Iskandarovich turardilar.

Ikkita o’g’il bitta qiz bilan qolgan ustozning rafiqalari Zamira opa Usmonova farzandlaridan shod va mamnun. Ochiq aytish kerakki, ustoz o’zlariga o’xshagan farzandlarni tarbiyalab ketdilar. Ular bugun jamiyatimizning ilg’or, salohiyatli insonlari sifatida el-yurt xizmatida kamarbasta. Ustozning ikkinchi umri, samimiylik zamiridagi mangulikka qurilgan hayoti davom etmoqda. Bu bardavomlik va barhayotlik yozgan kitoblari, farzandlari va minglab shogirdlari faoliyatidadir.

Ruzimurat Choriyev, TIQXMMI prorektori, pedagogika fanlari doktori

Rahimboy Jumaniyozov, Institut Matbuot kotibi, filologiya fanlari nomzodi