Toshkent Irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutining Buxoro filiali — 10 yoshda!

Respublikamizning ayrim mintaqalardagi qishloq xo‘jaligi ekin yerlarining minerallashishi va sho‘rlanganlik holatining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda hamda mamlakat iqtisodiyotining ushbu eng muhim sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida Toshkent irrigasiya va melioratsiya institutining Buxoro filiali Respublika Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 20 avgustdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Ta'lim dargohida uchta yo‘nalishda — suv xo‘jaligi va melioratsiya, suv xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizasiyalash, yer tuzish va yer kadastri bakalavr ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. 2011-2012 o‘quv yilida yangi gidrotexnika inshootlar va nasos stansiyalaridan foydalanish, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish va elektr energetikasi sohalarida mutaxassis kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Keyingi yillarda ham kasbiy ta'lim (suv xo‘jaligi va melioratsiya), gidrotexnika qurilishi, gidromelioratsiya va gidromelioratsiya ishlarini mexanizasiyalash bakalavr hamda magistratura ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha yosh kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilib, ta'lim yo‘nalishlari soni 8 taga yetkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 apreldagi «Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalashtirish muhandislari instituti hamda uning Buxoro filiali Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tarkibidan chiqarilib, yangi tashkil qilingan Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi. Shundan so‘ng institut tashkiliy tuzilmasi ma'muriy jihatdan mazkur qarorning 7-bandiga asosan respublika Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tarkibida faoliyatini davom ettira boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutida oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan filial tashkiliy tuzilmasi qayta tasdiqlandi va bu soha rivojida muhim turtki bo‘ldi.

2019-2020 o‘quv yilida esa bakalavr ta'lim yo‘nalishlari soni 13 taga, magistratura mutaxassisliklar soni esa 6 taga ko‘payib, meliorativ gidrogeologiya, suv xo‘jaligida ekologiya xavfsizligi, suv ta'minoti muhandislik tizimlari kabi bakalavr ta'lim yo‘nalishi va gidrotexnika inshootlaridan foydalanish, ularning ishonchliligi va xavfsizligi, nasos stansiyalari va qurilmalaridan foydalanish tashxisi, tejamkor sug‘orish texnologiyalari bo‘yicha magistratura bosqichida kadrlar tayyorlana boshlandi. E'tiborlisi, filialda 10 yil davomida mutaxassis kadrlar tayyorlash ta'lim yo‘nalishlari va talabalar soni muntazam ortib bordi. Oxirgi uch yilikni tahlil qiladigan bo‘lsak, 2016-2017 o‘quv yilida talabalarning umumiy soni 1 ming 110 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019-2020 o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 2 ming nafarga yetdi. Filialda tahsil olayotgan talabalarning 19 nafari Turkmaniston respublikasidan davlat shartnomasi asosida kelib o‘qimoqda.  Joriy o‘quv yili davomida institutimiz talabalari soni 1 ming 50 nafarga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda filialda mavjud o‘quv binolari quvvati, moddiy-texnika bazasi va auditoriya fondi, kadrlarga bo‘lgan buyurtmachilar talablaridan kelib chiqqan holda professor-o‘qituvchilar salohiyatini ham oshirish zarurati bor. Zotan, o‘tgan davr mobaynida ularning soni 19 nafardan 160 nafargacha oshdi.

Ilmiy salohiyat haqida gap borganda, 2017-2020 yillar davomida filialimiz professor-o‘qituvchilaridan 3 nafari fan doktori (DSc), 7 nafari falsafa doktori (PhD) dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qilishib, tegishli ilmiy darajalarini oldilar. Oxirgi uch yilda professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan 15 ta darslik, 49 ta o‘quv qo‘llanma va 45 ta monografiya nashr ettirildi. Shuningdek, 14 ta ixtirolik ishlari uchun patent hamda dasturiy ta'minot uchun 25 mualliflik guvohnomalari olindi. Iqtidorli talabalardan uch nafari Prezident stipendianti, olti nafari Beruniy nomidagi, ikki nafari Islom Karimov nomli davlat stipendiatlari va bir nafar yosh iste'dod egasi esa “Yil talabasi” tanlovining g‘olibi degan sharafga munosib ko‘rildi. Olimpiada qatnashchilari, turli ko‘rgazma va tanlovlar g‘oliblari institutda 51 nafarga yetgan. Filialda talabalar “ustoz-shogird” tizimi asosida ishlab chiqarish korxonalarining yetakchi mutaxassislariga biriktirilgan va barcha amaliyotlari bu korxonalarda bo‘lishi belgilangan. Mutahassislik kafedralarining hozirda 23 ta ishlab chiqarish korxonasida filiali tashkil etilgan bo‘lib, talabalarning amaliy mashg‘ulotlari bevosita ishlab chiqarish korxonalarida olib borilishi tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 oktyabrdagi “Suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq 2019 yilda ixtisoslik kafedralarining “Amu-Buxoro irrigasiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi, uning huzuridagi meliorativ ekspedisiya, “Amu-Buxoro” mashina kanalidan foydalanish boshqarmasi, uning Olot va Qiziltepa tumanlari bo‘limlari, viloyat Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi, «O‘zdaverloyiha» davlat ilmiy-loyiha instituti hududiy bo‘linmasi kabi ishlab chiqarish tashkilotlari negizida 11 ta ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etildi.

Filialda xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilgan. O‘zaro akademik almashinuv va o‘quv, uslubiy, shuningdek, ilmiy tadqiqot borasida 14 ta xorijiy oliy ta'lim dargohi bilan yaqin hamkorlik aloqalar o‘rnatilgan. Jumladan, AQSh ning Shimoliy Dakota davlat universiteti va Vashington universitetlari, Germaniyaning Xalle Vetenberg universiteti, Rossiya Federatsiyasining K.A.Timiryazov nomidagi davlat agrar universiteti va boshqa oliygohlari, Xorvatiyaning Zagreb universiteti, Fransiyaning Gradinyan Bordo: Agronomiya va qishloq xo‘jaligi fanlari oliygohi (AGROSUB Bordeaux France), Isroilning Xolon texnologiya institutlarini sanab o‘tish mumkin. Hozirgacha filialning o‘ndan ortiq professor-o‘qituvchilari Rossiya Federatsiyasi, Belorussiya, Germaniya va Turkiya davlatlarida malaka oshirib, stajirovkada bo‘lishib, ilmiy anjumanlarda qatnashdilar.  O‘zaro xamkorlik kelishuvi doirasida 2019 yildan boshlab Rossiyaning Kursk Davlat kishlok xo‘jalik akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan va Belorussiya davlat agrar texnika universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan tizimli ravishda On-line tarzda ma'ruzalar tashkil etilib kelinmoqda. Yaponiyaning Nagoya universiteti va Qozog‘istonning Muxtor Avezov nomidagi davlat universitetlari, Tojikiston qishloq xo‘jaligi akademiyasi bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yil boshidan o‘tkazib kelinayotgan muzokaralar va tanlov natijalariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida umumiy qiymati 40 ming AQsh dollari miqdoridagi grant mablag‘iga TIQXMMI Buxoro filiali ham munosib deb topilgani katta yutuq, albatta. Olib borilayotgan sa'y-harakatlar samarasi o‘laroq, 1 ming 500 nafardan ortiq bitiruvchi yosh mutaxassislarimiz respublika hamda viloyatimizning turli ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarida mas'ul vazifalarda, rahbar lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Institut moddiy-texnik imkoniyatlariga to‘xtalsak, axborot resurs markazi zamonaviy tipda qurilgan bo‘lib, talab darajasida jixozlangan va 260 o‘rinli o‘quv zalidan iborat. Unda 22 mingdan ortiq o‘quv, ilmiy, badiiy adabiyot hamda turli jurnallar fondiga ega. Talabalar intellektual salohiyatini, bilimini, ma'naviy-axloqiy ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli shart-sharoit yaratilgan.

Filialda hozirda yarim gektarda issiqxona, 1 ta texnik servis ko‘rsatish o‘quv-laboratoriyasi, qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari uchun texnopark tashkil etilgan. Shu yil yakunigacha filialda ochiq va yopiq sport majmuasini qurib bitkazib,  foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Filialda 400 nafar talabaga mo‘ljallangan 3 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, bu yerda talabalarning dars tayyorlashi, dam olishi, sport bilan shug‘ullanishi uchun yetarli shart-sharoit hozirlangan. Qolaversa, filialda jami 60 ta to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ham e'tiborga molik. Jumladan, ma'naviy-ma'rifiy yo‘nalishda 12 ta, kasbga yo‘naltirish bo‘yicha 2 ta, filial sport klubi huzurida 16 ta, 30 ta fan to‘garagi faoliyat yuritmoqda. Hozirgi kunda filial 16 ta bakalavr ta'lim yo‘nalishining kunduzgi shaklida, 6 ta ta'lim yo‘nalishining sirtqi shaklida va 9 ta magistratura mutaxassisligi hamda 2 ta ixtisoslik bo‘yicha tayanch doktoranturada yuqori malakali mutaxassis va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlayotgan dinamik jihatdan rivojlanib boruvchi mintaqaviy oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Nusrat Murodov,

Toshkent Irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari institutining Buxoro filiali direktori