Hech kimni chetda qoldirmay
Har bir davr o‘zining muammolari bilan ajralib turadi. Ularni bartaraf etishda mamlakatlararo hamkorlik va hamjihatlik, birdamlik va mushtarak maqsadlar muhim rol o‘ynaydi. Bugungi globallashuv davrida butun dunyo e’tibori qaratilgan olamshumul muammolardan biri suv resurslari holati va ulardan oqilona foydalanishdir.
21 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining butun dunyo ahamiyatiga molik 2019 yilda suv resurslari holatiga bag‘ishlangan “Hech kimni chetda qoldirmay” mavzuidagi taqdimot anjumani tashkil etildi.
Tadbir tashkilotchilari YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va YuNESKOning TIQXMMI qoshidagi “Suv diplomatiyasi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhit muhofazasi” kafedrasidir.
Taqdimot marosimini institut rektori, professor O‘.Umurzakov kirish so‘zi bilan ochib boshqarib bordi.
Tadbirda BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer, YuNESKOning O‘zbekistondagi Bosh vakolatxonasi rahbari Fuad Pashayev, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Ravshan Mamutovlar mavzu yuzasidan chiqish qildilar. Shuningdek, tadbirda xorijiy mamlakatlar vakolatxonalarining vakillari va nufuzli tashkilotlarning yirik mutaxassislari ishtirok etishdi.
Rektor kirish nutqida “Bugungi kunda suv jamiyatning iqtisodiy-ijtimoiy, ekologik ravnaqini belgilab beruvchi asosiy omil ekani, katta hududlar, xususan, bu bevosita Markaziy Osiyoga ham tegishli ekanini e’tirof eta turib, kun sayin jahonda suv resurslari bilan bog‘liq jarayon yomonlashayotganini ham taassuf bilan qayd etib o‘tdilar. Ma’lumki, suvdan foydalanishning tobora orta borishi iqlimning global o‘zgarishi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bu esa o‘z navbatida suv taqchilligi va tanqisligi masalasini keltirib chiqarishi aniq.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 2, 4 milliard odam suvdan foydalanishda talab darajasidagi sanitariya holatiga ega emas. 1 milliarddan ko‘proq kishi xavfsiz ichimlik suvi ichish imkoniyatidan mahrumdir. Bu esa o‘z navbatida 250 million kishining kasallanishiga sabab bo‘lib, ulardan 5 millionini o‘lim xavfi kutayotgani sir emas. Achinarlisi shuki, 20 foiz sug‘orilgan hududlarning sho‘rlanganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Ushbu umumjahon ahamiyatiga ega bo‘lgan tadbir 2019 yil 19 mart kuni Jenevada Millatlar saroyida inson huquqlari bo‘yicha Maslahat kengashi doirasida rasmiy tasdiqlangan suv resurslari haqidagi umumjahon axborot xatidan kelib chiqadigan asosiy xulosalarni yetkazishga qaratilgandir.
Ushbu hujjat suv resurslari holati haqidagi BMTning yetakchi hujjati hisoblanadi. Bu kengqamrovli hujjatda chuchuk suv resurslarining umumiy holati, ulardan foydalanish va boshqarish haqidagi ma’lumotlar o‘z aksini topgan.
BMTning suv resurslari holati to‘g‘risidagi ma’ruzasi kengqamrovli sharh bo‘lib, suv resurslarining holati, ularni boshqarish ham ulardan foydalanish bo‘yicha umumiy tasavvurlarni beradi. Ma’ruza suv resurslari sohasida barqaror siyosat vositalarini ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qiluvchi mas’ul shaxslarga yo‘naltirilgan bo‘lib har yili suv resurslari bilan bog‘langan har xil yo‘sindagi muammolarga bag‘ishlanadi.
Bu yilgi ma’ruzada ko‘rsatilishicha, suv resurslaridan foydalanishdagi turli muammolar insonning xavfsiz ichimlik suvi va sanitariya holatiga erishishiga yo‘naltirilgan va pirovard natijada barqaror taraqqiyot (Kun tartibi-2030)ga erishishni ta’minlash yo‘lidagi tavsiyalarni o‘z ichiga olgan.
Bu masalada suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, xavfsiz ichimlik suvi va sanitariya sharoitiga erishishni ta’minlash, dunyoda qashshoqlikning oldini olish, tinch va yashnayotgan jamiyatni yaratish va bu yo‘lda hech kimni e’tibordan soqit qilmaslik barqaror taraqqiyotga eltuvchi yo‘ldir.
Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov