O‘zbekiston va Vengriya rektorlari forumi
Majoriston (Vengriya) bilan O‘zbekistonni qadimdan ko‘plab rishtalar bog‘lab turadi. Herman Vamberining o‘lkamizga tashrifi va ko‘plab mumtoz asarlar, folklor namunalarini xorijda chop etilishi uning sa’yi harakati bilan bog‘liqligi ma’lum. Endilikda oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi tasodifiy hodisa emas. Barqaror rivojlanishda mushtarak istaklarini amalga oshiruvchi maydon qayta paydo bo‘lgani quvonarli va har tomonlama manfaatlidir. 2021-yil 21-23 iyun kunlari O‘zbekiston-Vengriya oliy ta’lim muassasalari rektorlari birinchi forumining tashkil etilishi xuddi shu ma’noda muhim ahamiyatga molik.
Ushbu tadbir 16-iyun kuni muhtaram Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan, oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan, oliy ta’limni isloh qilish yo‘lida o‘tkazilgan videoselektorda ko‘tarilgan masalalarga hamohang bo‘layotgani e’tiborga molik. Prezident barcha kuch va resurslar ta’limdagi to‘rtta ustuvor vazifaga qaratilganini ta’kidladi. Mazkur forum ham ta’lim tizimining xuddi shu muammolariga javob tariqasida bo‘lishiga shubha yo‘q. Vengriya tashqi ishlar va savdo vazirligining Diplomatik akademiya va “Stipendium Hungaricum” dasturi bo‘yicha davlat sekretari Dr. Orsholya Pachay-Tomasich boshchiligidagi Vengriya rektorlari konferensiyasi delegatsiyasining tashrifi respublikamiz ta’lim tizimidagi bir qator yutuqlarga sabab bo‘lishi aniq.
Ko‘zlangan asosiy maqsad esa O‘zbekiston va Vengriya OTMlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va yanada rivojlantirishdan iboratdir. Forumning vazifalari O‘zbekiston va Vengriya OTMlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumlarini imzolash, ular o‘rtasida o‘zaro ta’lim, ilmiy va innovatsion hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish va kelishuvlarga erishish kabi muhim masalalarni o‘z ichiga olgan edi. Vengriya tomonidan forumda davlat kotibi, rektorlar konferensiyasi raisi, 21ta OTM rahbarlari, O‘zbekiston tomonidan esa Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Respublika Oliy ta’lim Kengashi raisi, respublika doirasidagi 50 ga yaqin OTM rahbarlari ishtirok etdilar.
Forum avvalida Respublika Oliy ta’lim kengashi raisi, TIQXMMI rektori Umurzakov O‘ktam Pardayevich, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Toshqulov Abduqodir Hamidovich, Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vazirligining Vengriya diplomatiya akademiyasi va “Stipendium Hungaricum” ta’lim dasturi masalalari bo‘yicha davlat kotibi Orsoyo Pasai-Tomashichlar o‘zlarining qutlov so‘zlarini bildirishdi.
So‘ngra yalpi majlis ma’ruzalari boshlandi. Vengriya rektorlari Konferensiyasi raisi, Etvyosh Lorand universiteti rektori Laslo BORXI “Vengriyada oliy ta’lim: tizim faoliyati, o‘ziga xosliklari, yutuqlar va muammolar. Oliy ta’lim sohasidagi Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari”, Farg‘ona politexnika instituti rektori Salomov O‘ktam Rahimovich “O‘zbekistonda oliy ta’limni rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari. Islohotlar natijalari, muammo va istiqbol”, Vengriya rektorlari konferensiyasi Bosh kotibi Zoltan Dubesin “O‘zbekiston-Vengriya OTMlarining ikki tomonlama aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari” mavzularida ma’ruzalari bilan chiqdilar.
So‘ngra ikki tomonlama hujjatlar imzolash marosimi o‘tkazildi.
Vengriya va O‘zbekistonning 8 ta OTMlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumlari imzolandi. Forum kunning ikkinchi yarmida forum qatnashchilari to‘rtta sho‘bada quyidagi muhim masalalarni muhokama qildilar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdilar.
Forum jarayoni quyidagi sho‘balar asosida olib boriladi.
- Oliy ta’limda kredit-modul tizimi; afzallik va murakkabliklar.
- Professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlashning samarali tizimi;
- Ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi;
- Talabalar almashinuvi, stajirovkasi, grantlar ajratish va xalqaro hamkorlikning boshqa imkoniyatlari;
Forum yakunida muhokamalar natijalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va hamkorlikdagi harakatlar yuzasidan kelishuvga erishildi.
TIQXMMI matbuot xizmati