Ilhom chashmasidan tomar tomchilar

Sahroda daraxt gullamasligi, meva bermasligi ayon. Iste’dod uchun ham ma’naviy muhit, yaratilgan sharoit va imtiyozlarning o‘rni juda muhimdir. Insonning ijodkor, iste’dodli, innovator, ya’ni, yangilikka o‘ch bo‘lishi uning yurt taraqqiyotiga, vatan taqdiriga befarq emasligini anglatadi. Buning uchun ta’lim va tarbiyaning turli usul va uslublaridan foydalanish, yoshlarni ma’naviy jihatdan ruhlantira olish ham chinakam ma’rifatparvarlik, vatanparvarlikdir. Ma’naviyat va ma’rifat qo‘sh qanot bo‘lib u mo‘jizaviy kuch KITOB bilan oziqlanadi. Kitobxon omma ong-u tafakkuri, keng dunyoqarashi bilan doimo ajralib turadi. Shuning uchun ham ommaviy kitobxonlikka chorlash borasidagi Prezidentimiz harakati chinakam ma’naviy jasoratdir. Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi bo‘lmasligini e’tirof etgan davlatimiz rahbari shu xususda maxsus farmoyish va qaror qabul qilgani ham rost.

Talaba yoshlar qalbida kitobga bo‘lgan mehrni uyg‘otishda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasining roli katta. Inson qalbiga yo‘l ta’lim va tarbiyadan boshlanadigan bo‘lsa, ta’lim-tarbiyaga yo‘l esa kitob mutoaalasi orqalidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev raisligida 2019 yil 19 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 5 muhim tashabbusdan kelib chiqqan holda, ta’lim-tarbiya borasidagi ishlarni tubdan takomillashtirish, shu asosda talaba-yoshlarning mafkuraviy immunitetini kuchaytirish Konsepsiyasida 5 ta muhim tashabbusining “To‘rtinchi tashabbusi”da yoshlar madaniyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish masalalari nazarda tutilgan.

Mazkur Konsepsiyada belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, talabalarni bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, farzandlarimizning intellektual salohiyati, adabiy - badiiy saviyasini oshirish muhim masaladir. Xuddi shu maqsadda TIQXMMI, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hamda “Notiqlik san’ati akademiyasi” ta’lim muassasasi hamkorlikda joriy yilning 20 noyabr kuni soat 13:00.da kitobxonlik madaniyatini keng joriy etish, institutimiz talabalari bilan yozuvchi va shoirlarning ijodiy muloqoti tashkil etildi. Ijodiy muloqot Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonaning katta zalida hamkorlikda tashkil etildi. Ayni paytda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabalar o‘rtasida taniqli shoirlar, yozuvchilar ishtirokida nogumanitar ta’lim tizimida ilk bor ijodkor talaba-yoshlarning “Ilhom buloqlari” to‘plamining taqdimoti ham o‘tkazildi. Unda 21 ta talabaning ijod namunalari o‘rin olgan bo‘lib iste’dod uchqunlarining talant alangasiga aylanishini kuzatishga shohid bo‘lish mumkin. Kitobni mutolaa qilish asnosida xuddi shu fikrga kelish mumkin.

Ma’rifiy tadbir yozuvchi va shoirlar bilan adabiy-badiiy mazmundagi ijodiy muloqotga aylanib ketdi. Tadbirni TIQXMMI rektori, professor O‘ktam Umurzakov o‘zlarining kirish so‘zlari bilan ochib berdilar. So‘ngra O‘zbekiston Yozuvchilar ushmasining raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidga so‘z berildi. U ijod mashaqqati haqida gapirar ekan, ijodning dam zavq-shavqli, dam iztirob iddaosi ekani borasida so‘z yuritib, talabalarning mashqlaridan tarkib topgan bu to‘plam ijod maydoniga qadam qo‘ygan havaskor shoirlarning shoyista yorlig‘i ekanini uqtirdi.

O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasining raisi, shoir, publitsist Sa’dulla Hakim o‘z so‘zida “Ilhom buloqlari” to‘plamining yaratilishi xayrli va ma’rifiy maqsadning nishonasi ekanini e’tirof etib o‘zlari yozgan “Vatan bayrog‘i” deb nomlangan she’rini o‘qib berdilar. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi nomidan vazir o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov ta’lim muassasamizning xalqaro maydondagi nufuzi va mavqei tobora oshib borayotganini ta’kidladi. Bu institutda yo‘lga qo‘yilgan tizimlilik, tashabbuskorlik va tashkilotchilikning samarasi ekanini qayd etdi. Ayniqsa, mehnat faxriysi 91 yoshni qarshilab, oqlagan va haqlagan ustoz, akademik Oqil Umurzakovich Salimovning maslahat va yo‘l-yo‘riqlari alohida ahamiyat kasb etgani rost. Ular ilmga intilib baraka topish mumkinligini aytdi. Taqdir yaratgandan, tadbir bandadan degan hikmatning mohiyatini o‘z umri va faoliyatida his etib, amin bo‘lgani borasida so‘zlab, zahmat chekmaguncha rahmat eshitilmasligini e’tirof etdilar. Rektorimizning bugungi kundagi jo‘shqin faoliyati tahsinga arzigulik ekanini alohida ta’kidladilar.

Tadbirda bugungi kunda qizg‘in ijodiy faoliyati bilan keng jamoatchilikka ibrat bo‘lib kelayotgan shoir va yozuvchilardan Nodir Jonuzoq, Rustam Musurmon, G‘ayrat Majid, Faxriddin Hayit, Adhambek Alimbekov hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan boshqarma boshlig‘i Otabek Bozorovlarning ishtiroki hamda “O‘zbekiston - 24” telekanali tomonidan yoritilishi ushbu tadbirning salmog‘i keng va ahamiyati katta ekanini bildiradi. “Bunday tadbirlarning muntazam ravishda tashkil etilishi noan’anaviy shakldagi, ta’sirchan ta’limiy dars o‘rnida qimmatlidir”, - dedi tadbir tashkilotchilaridan institutning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Ruzimurot Choriyev.

Kitobga she’rlari kiritilgan ijodkor talabalardan Sarvinoz Xolovaning minnatdorlik izhorlari va barcha talabalar nomidan bildirgan istaklari e’tiborga molik bo‘ldi. Shuningdek, institutimizning “Gumanitar fanlar” kafedrasining professori, tarix fanlari doktori, iqtidorli hofiz Hojiakbar Hamidovning bir juft diltortar taronasi ko‘pchilikka ma’qul keldi. Tadbir nihoyasida Shoir Sirojiddin Sayyid majmuadan joy olgan 21 ta talabani uyushmaning esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi. Kelgusida ham ushbu hamkorlik bardavom bo‘lishiga ishonch hosil qilindi.

Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov