Korrupsiya - jamiyat korroziyasi va eroziyasi
"Korrupsiyaga qarshi kurash borasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari" bugungi kunda doldarb mavzudir. Ayni paytda jamiyatning og‘riqli nuqtasi ham shundadir. Ikki kun mobaynida institutimizning barcha fakultetlari professor o‘qituvchilari bilan o‘tkazilayotan tadbirda xuddi shu masalaga e’tibor qaratilgan. Prezidentimiz "Korrupsiya jamiyat rivojiga g‘ov bo‘layotgan balo, illat" ekanini eslatarkanlar, bu mudhish illatni qanday yo‘l bilan ildizlarini quritish mumkinligi borasida hammamizga topshiriq va takliflar berayotganlari ham masalaning jiddiyligini, bu jamiyatimiz uchun katta xavf ekanligini bildiradi.
23 yanvar kuni tushgacha “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish”, “Yer resurslarini boshqarish”, “Gidrotexnika qurilishi” fakultetlari, tushdan keyin esa “Gidromelioratsiya” va “Gidromelioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” fakultetlarining o‘qituvchilari bilan o‘tkazilgan tadbirni institutning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Ruzimurod Choriyev boshqarib bordi. Dastavval, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Gulnora Xudoyberdiyeva korrupsiya to‘g‘risidagi qonun va dastur talablaridan kelib chiqqan holda, taqdimot dasturi orqali ma’ruza qildi. Korrupsiya so‘zining ma’nosi, uning kelib chiqish tarixi va jazolash uslublari haqida mufassal ma’lumot berdi. So‘ngra Oybek aka Arifjonovning videorolik bilan bildirgan mulohazalari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Ma’lumki, 18 yanvar kuni Bosh prokuraturada bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda oliy ta’lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish ahvoli va qonuniylikni ta’minlashga doir masalalar muhokama qilingandi. Bosh prokuror o‘z ma’ruzasida oliy ta’lim sohasida korrupsiya tarqalgan yo‘nalishlarni sanab o‘tdi. Jumladan, korrupsiya holatlari, asosan, talabalik safiga qabul qilish, o‘qish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, talabalarning bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, shuningdek, talabalarning o‘qish joyini ko‘chirish, o‘qish yo‘nalishini o‘zgartirish hamda o‘qishga qayta tiklashda korrupsiya holatlari kuzatilayotganligi qayd etildi.
Yig‘ilishda so‘nggi ikki yilda tizimdagi 326 nafar xodim ta’lim jarayoni bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilganligi, ularning 220 nafari kollej va litseylarga, 106 nafari oliy o‘quv yurtlariga to‘g‘ri kelishi tanqid ostiga olindi. Institut va universitetlarning jinoyat sodir etgan xodimlaridan 3 nafarini rektorlar, 5 nafarini prorektorlar, 15 nafarini dekan va dekan o‘rinbosarlari, 62 nafarini o‘qituvchilar tashkil etadi. Kollej va litseylarda esa, 34 nafar direktor, 31 nafar direktor o‘rinbosari, 94 nafar o‘qituvchi jinoyatga qo‘l urgan. Ushbu faktlardan xulosa qilish asnosida institutimiz professor-o‘qituvchilari o‘z mulohazalarini bildirishdi. Bu borada professor Q. Nazarov, akademik Sh. Yo‘ldoshevlar, professor S. Vafoyevlar o‘z mulohazalari bilan faollik ko‘rsatishdi. Xullas, jamiyatning chirishiga, yemirilishiga yuz tutadigan eroziyaga o‘xshash bu illatni tag tomiri bilan qirqib tashlash kerakligi tadbirda qayta-qayta eslatildi.
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov