Institut hisoboti – yutuq va kamchiliklar isboti

Sarhisob qilishning mohiyati shundaki, erishilgan ish va ta’lim jarayonida yutuq va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning tahlili, sabab va maqsadlar o‘zining ro‘yi rost ifodasini topadi. Joriy yilning 23 oktyabr kuni rektorimizning institutdagi qizg‘in jarayon bo‘yicha hisoboti tinglandi. Umurzakov O‘ktam Pardaevich institut rahbari sifatida ish boshlaganlarini nazarda tutgan holda, o‘z ma’ruzalarini 500 kunlik hisobot o‘rnida qabul qilishlarini ta’kidlab o‘tdilar.

 

Tanqidiy  va tahliliy tarzda o‘tgan ushbu hisobot - harakatlar isboti sifatida o‘zaro samimiyat va maqsadlar mushtarakligi ruhida tashkil etildi. Rektor 2017-2018 o‘quv yilida erishilgan natijalar, bu borada yuzaga kelgan muammolarimiz va 2018-2019 o‘quv yilida ko‘ndalang turgan vazifalar, kelgusi faoliyatimiz uchun dolzarb bo‘lib turgan bir necha masalalar bo‘yicha suhbatlashish, fikr almashish zarurati zamon taqozosi, globallashuv davri, innovatsion g‘oyalar talabi ekani uqtirib o‘tdilar. 

So‘ngra Oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining 2017-2030 yillarda rivojlantirish Konsepsiyasida belgilangan asosiy vazifalarning bajarilishi to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib quyidagilarni qayd etdilar.

O‘zbekistonda so‘nggi 2 yil mobaynida barcha sohalarda bo‘lgani kabi Oliy ta’lim tizimida ham ulkan islohotlar boshlandi va izchillik bilan davom ettirilmoqda. 2018 yilda ham bu yo‘nalishda bir qator Farmon va Qarorlar qabul qilindi. Shular qatori Prezidentimizning biz uchun eng muhim bo‘lgan 2018 yil 8 maydagi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 3702-sonli qarorida qishloq va suv xo‘jaligida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Buning ijrosi bo‘yicha ishlar jadal sur’atda olib borilayotgani quvonarlidir. Oliy ta’lim bilan bog‘liq islohatlarning yana bir quvonarli tomoni shundaki, 2 yildan buyon Prezidentimizning qat’iy pozitsiyasi, talabi asosida uzoq yillar davom etgan noxush an’anaga barham berib, talabalikka qabul jarayonini halol, shaffof va adolatli o‘tkazishni tashkil etilganidir. Bu albatta, malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash yo‘lida tashlangan dadil va qutlug‘ qadamdir. Bunday o‘ta mas’uliyatli vazifa, ya’ni 2018-2019 o‘quv yiliga talabalarni qabul qilish institutimizda ham bu yil DTM  tomonidan adolatli, shaffoflik to‘liq ta’minlangan holda tashkil etildi.

Natijalar yomon emas. Joriy o‘quv yilida bakalavriatga 960 nafar 1 kurs kunduzgi va 353 nafar sirtqi ta’lim shakliga talabalar o‘qishga qabul qilindi. Xuddi shuningdek, magistratura ta’limida ham ikki yildan bo‘yon eng bilimli magistrantlar tahsil olayotgani sir emas. Bu o‘z navbatida institutda ta’lim sifatini oshirish, raqobatbardosh, malakali kadrlar tayyorlash yo‘lidagi muhim va mustahkam qadam bo‘lishiga shubha yo‘q. So‘ngra rektorimiz erishilgan natijalar va mavjud muammolarni birma-bir qayd etib, ularning sabablarini izohladilar.

Institut o‘quv jarayonini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiya vositalari bilan jihozlash, jahon ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatini yaratish, ta’lim jarayoniga munosabatni o‘zgartirish, dars o‘tish sifatini yaxshilash, talabni oshirish va o‘quv jarayonida innovatsion muhitni yaratish oldda turgan asosiy maqsadlardan biri edi. Buning uchun institut o‘quv jarayonini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan to‘liq ta’minlash maqsadida nufuzli xorijiy universitetlar analogida “Aqlli (Smart) universitet” ya’ni raqamli universitetni yaratish platformasi ishlab chiqildi. Hozirda ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha moliyaviy manbalari izlanmoqda va barcha imkoniyatlar safarbar qilingan.

Oldingi dars o‘tish uslubi endi eskirdi. Globallashuv zamonining o‘zi buni tasdiqlamoqda. Mashhur faylasuf va pedagog Djon Dyui bejiz ushbu fikrni keltirmaganlar: “Biz bugun o‘qitishni kechagidek davom ettirsak, farzandlarimizni kelajagidan mahrum qilgan bo‘lamiz”.

Hozirgi yoshlar Z avlodi deb nomlanadi, ya’ni ular mutlaqo boshqa texnologik muhitda voyaga yetgan. Buni tushunishimiz va qabul qilishimiz kerak! Bu avlod vakillarini hozirgacha hali ma’lum bo‘lmagan, mutlaqo yangi faoliyat turlari kutmoqda.

Ular aksariyat vaqtini kompyuter bilan o‘tkazmoqda. Shuning uchun ularni o‘qitish uchun yangi ilm fanning eng oxirgi natijalariga asoslangan boshqa uslublardan foydalanish zarur. Savol tug‘iladi.  Xo‘sh, biz bu sharoitda ma’ruza , kitob, va boshqa an’analardan voz kechishimiz kerakmi?  Yo‘q, albatta. Chunki muallim (ustoz)dan ular nafaqat bilim, shuningdek metodik ko‘nikmalarni, kasbiy etika normalarni ham oladi.

Uslub albatta kerak, lekin mazmunga ko‘proq e’tibor qarating. Ming afsus haligacha ma’ruza darslarida talabalarga mavzu mazmunini diktant qilib konspekt yozdiradigan o‘qituvchilarimiz ham bor va o‘z navbatida shu konspekti asosida talabani bilimini baholaydi. Rektor ma’ruzasida keltirilgan ushbu mulohaza tagdor mazmun va da’vatga ega bo‘ldi.  “Siz darsni shunday o‘ting-ki, agar talaba shu darsga kelmasa, o‘zlashtiraolmaydigan darajada bo‘lsin.”

Auditoriyada mana shunday innovatsion muhitni yaratish kerak. Talabani mustaqil fikrlashga majbur qilish lozim. Shu o‘rinda buyuk ma’rifatparvar Tomaz Alva Edisonning “Sivilizatsiyaning buyuk vazifasi ommani fikrlashga o‘rgatishdir”, - degan gaplarini keltirish va doimo yodda tutish joiz.

Pedagog ko‘p ma’lumotni bilishi mumkin, nazariy jihatdan puxta bo‘lishi ham mukin, lekin unda talaba ongiga singdira olish uquvi bo‘lmasa, bari behuda.

Bundan tashqari laboratoriya mashg‘ulotlarini tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim laboratoriya asbob uskunalari va jihozlari eskirgan, hattoki mavjud emas holatlari bor! Rektor aniq raqamlar asosida laboratoriyalardagi mudhish holatlarni izohlab o‘tdilar. Darsning sifati ko‘p jihatdan mudirlarga bog‘liq. Kafedrada ta’lim sifatini ta’minlash tizimi yaratilmas ekan, kutilgan natija bo‘lmaydi. Har qanday omad va muvaffaqiyatning kaliti kadr tanlashga bog‘liq.

Prezidentimizning 2018 yil 8 maydagi 3702-sonli qaroriga asosan, har bir mutaxassis chiqaruvchi kafedra yangi qurilayotgan inshootlarda amaliyot o‘tkazish bo‘yicha ob’ektlarini belgilangan edi. Joriy yilda amaliyotlar talab darajasida tashkil etishga harakat qilindi, lekin barcha talabalar amaliyot ob’ektiga to‘liq yetib bormaganligi ham sir emas. Buning oqibatida, masalan amaliyotga ishtirok etmagan QXM fakultetining 14 nafar talabasi, GIM fakultetining 5 nafar talabasi kursdan qoldirildi.

Joriy yilda Qishloq va suv xo‘jaligi sohasi bo‘yicha talabalar uchun 2 marta xalqaro “Yozgi maktab” tashkil qilindi. Germaniya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Afg‘oniston va Rossiya Federatsiyasidan jami 39 nafar talabalar ishtirok etishdi. Birlashgan millatlar tashkilotining fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha YuNESKO bilan hamkorlikda institutda Suv diplomatiyasi, suv manbalarini boshqaruvi va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha YuNESKO kafedrasini ta’sis  etish loyihasi YuNESKO Bosh qarorgohi tomonidan ma’qullandi va YuNESKO kafedrasini TIQXMMIda ta’sis etish bo‘yicha ruxsat berildi, yaqin kunlarda  YuNESKOning bosh direktori Odri Azule bilan  shartnomani rasmiy imzolanishi rejalashtirilgan.

Sirdaryo viloyatida O‘zagrotexsanoat xolding AJ va “Mirzaobod universal trade cluster” (Bek Klaster) hamkorligida  kadrlar tayyorlashda ta’lim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasini tashkil etish belgilangan edi. Joriy o‘quv yilida rahbariyat tashabbusi bilan Gidromelioratsiya fakulteti Suv xo‘jaligi va melioratsiya ta’lim yo‘nalishi, 2-bosqich talabalarini o‘quv jarayoni davomida  Sirdaryo viloyatidagi irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlariga amaliyot tashkil qilindi.

Tashkiliy masalalardagi qiyinchiliklarga qaramasdan, amaliyot davrida talabalar Sirdaryo viloyatining bir qator tumanlaridagi kanallar va fermer xo‘jaliklar tomonidan qo‘llanilayotgan suv tejamkor sug‘orish texnologiyalari jumladan,“Bek klaster” MChJ tomonidan amalga oshirilgan issiqxonalarda yetishtirilayotgan ekinlarni sug‘orishda qo‘llanilayotgan agrotexnologiya va suv tejamkor texnologiyalar bilan to‘liq tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Bundan tashqari amaliyot davrida talabalar viloyatdagi Janubiy Mirzacho‘l magistral kanali hamda Do‘stlik kanallarida suv taqsimlash, sug‘orish va zax qochirish tarmoqlaridagi inshootlar, Sardoba suv ombori shuningdek, Sirdaryo nasos stansiyalarining ish faoliyati bilan to‘liq tanishishdi. O‘ylaymanki, talabalar amaliyot davomida soha bo‘yicha ob’ektlar bilan yaqindan tanishishi kelgusida mutaxassislik fanlaridan beriladigan nazariy bilimlarga poydevor bo‘lib xizmat qiladi deyish mumkin.

Shuning uchun fan va amaliyot hamkorligini yanada mustahkamlash zarur. Bunda ilmiy tadqiqot ishlari natijalarining so‘nggi yutuqlarini o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda o‘quv jarayonini ishlab chiqarish bilan chambarchas bog‘lagan holda tashkil etish lozim. Institutda ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiyani rivojlantirish, ilmiy tadqiqot ishlarini natijalarini ishlab chiqarishga joriy qilish va fermerbob ishlanmalarni yaratish belgilangan edi.

“Afsuski, institutimizda  bu borada olib borilgan ishlar ko‘ngildagidek deb bo‘lmaydi№,- deya o‘z fikrida davom etdi rektor - Ko‘plab loyihalar amalga oshirilishiga qaramasdan, suv tejovchi yangi texnologiyalar yoki fermerbob ishlanmalar yaratilib, ishlab chiqarishga  qo‘llanilmayapti. Davlat granti asosida olingan ilmiy natijalar mablag‘ga aylanmayapti. Bir so‘z bilan aytganda “innovatsiya”ning oltin qoidasi bajarilmayapti desak ham to‘g‘ri bo‘ladi.

Shuningdek, institut rektori o‘z hisobot ma’ruzasida innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yil davomida e’lon qilinayotgan grantlar, ilmiy tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha kafedralarda bajariladigan tadqiqot ishlari, institutda ustoz-murabbiylar tomonidan axborot va murabbiylik soatini yuqori saviyada tizimli amalga oshirish mexanizmi, ijarada yashovchi talabalarni xonadon egalari va mahalla yig‘ini raislari bilan ham tizimli muloqot va aloqa o‘rnatilishi, o‘quv xonalarini proektorlar bilan ta’minlanishi va axborot kommunikatsion  texnologiyalardan keng foydalanish, 500 kun davomida erishilgan yutuqlar, jumladan, ikki o‘quv yili davomida bakalavriat va magistratura bo‘yicha ketma-ket O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasiga talabalarimiz sazovar bo‘lgani, ikki o‘quv yili davomida yilning eng yaxshi pedagogi tanlovida respublika OTMlar orasida ketma-ket  1-o‘rinni, Respublika OTMlari reytingi orasida institutimiz 3-o‘rinni egallagani, o‘tgan yili 14 ta monografiya chop etilgan bo‘lsa, joriy yilda 18 ta monografiya nashr qilingani, o‘tgan yili 14 ta ixtiroga patent va foydali model olingan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 25 tani tashkil qilgani, o‘tgan yili 7 ta dissertatsiya himoya qilingan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 19 tani tashkil etgani, O‘rta Osiyo Mintaqaviy ekologik markazi (CAREC) bilan birgalikda TIQXMMIda “Innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar klasteri” tashkil etilgani, YuNESKO Bosh qarorgohi tomonidan institutda Suv diplomatiyasi, suv manbalarini boshqaruvi va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha YuNESKO kafedrasini ochishga ruxsat berilgani, institutda “Kitob dunyosi” do‘koni tashkil etilgani va sun’iy qoplamali sport maydoni foydalanishga topshirilgani, xalqaro miqyosdagi 2 (ikkita) yirik loyiha tayyorlangani, O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari tashabbusi bilan Toshkent shahrida shu yilning 18-19 oktyabr kunlari birinchi marotaba «O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi» doirasida e’tiborga molik shartnomalar tuzilgani borasida so‘zlab o‘tdilar.

“Bu yutuqlar oldimizga qo‘yilgan katta strategik vazifalarning debochasi albatta,” - deya ta’kidladi rektor. Shuningdek, O‘. Umurzakov Prezidentimizning qator qarorlariga asosan, institutda 10 ta yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga quyilgani, bitiruvchilarni ishga joylashuv bo‘yicha va marketing masalalari, malaka oshirish, masofaviy ta’lim, ARMni badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan to‘ldirilishi, jurnallarga obuna bo‘lish, ilmiy – tadqiqot ishlari, xalqaro hamkorlik, ma’naviy-ma’rifiy ishlar, qurilish va ta’mirlash ishlari, moddiy texnik bazani yaxshilash bo‘yicha va xodimlarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab quvvatlash masalalariga ham to‘xtalib o‘zlarining konkret takliflarini berdilar. Oldimizda turgan vazifalarni aniq bayon etdilar.

Bular asosan quyidagilardan iborat. “Ishlab chiqarishdan ilgarilangan ta’lim berish” modeliga o‘tish, ilg‘or xorijiy tajribalarni va kadrlar iste’molchilarining talabini inobatga olib Davlat ta’lim standartlari, o‘quv reja va fan dasturlarni takomillashtirish, o‘quv adabiyotlar bilan ta’minlashda xorijiy hamkorlar tajribasidan keng foydalanish, o‘quv jarayoniga xorijiy mutaxassislarni ko‘proq jalb qilish va ta’lim oluvchi xorijiy fuqarolarning salmog‘ini oshirish, o‘quv jarayonida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, zamonaviy o‘quv-laboratoriyalari, sohaga oid dasturiy ta’minot mahsulotlari yordamida ta’lim berish texnologiyalarini yangilab borish va institutning barcha binolarini optik tolali bog‘lash tizimini yaratish, institutning xalqaro reytingini ko‘tarish, institutning barcha faoliyat yo‘nalishlari sifatini oshirish, institutni bozor iqtisodiyoti sharoitida barqaror dinamik o‘sish traektoriyasiga olib chiqish, uni zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardosh va ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassislar (bitiruvchilar) tayyorlash bilan ajralib turadigan institutga aylantirish, fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar, shuningdek, innovatsion faoliyatni rivojlantirish, jahon standartlariga muvofiq mutaxassislar tayyorlashni ta’minlash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ta’lim va qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va o‘quv jarayoni, ilm-fan, boshqaruvga tadbiq etish, ilmiy ishlarning natijalarini ommalashtirish, xalqaro ilmiy respublika ilmiy jurnallarida shuning impakt faktorga ega jurnallarda chop etish orqali iqtibosliklar sonini oshirish, bu borada har bir xodimning reytingini monitoringini yuritish, ta’lim–fan-ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash ishlarini uzluksiz davom ettirish, kafedralarning xalqaro ilmiy grantlar ko‘lamini kengaytirish, ishlab-chiqarish, loyiha va ilmiy muassasalardagi filiallari faoliyatini yaxshilash, yoshlar qalbida milliy tafakkur va sog‘lom dunyoqarash asoslarini mustahkamlash, ularning ongli yashashga, o‘z kasbiga sodiq bo‘lishga, irodali, fidoyi va vatanparvar insonlar etib tarbiyalash va ularda liderlik hissiyoti shakllantirish, institut binolarida kapital ta’mirlash ishlarini yo‘l xaritasida belgilangan muddatda amalga oshirish,  muddati o‘tgan, ma’naviy va jismoniy jihatdan yaroqsiz bo‘lib qolgan laboratoriya jihozlarini hisobdan chiqarish va institut hududini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va shu kabi ishlarni muntazam ravishda olib borish, institut muzeyini tashkil etish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish kabi masalalarga alohida to‘xtalib bu borada zudlik bilan yo‘l xaritasi ishlab chiqish zaruratini jamoa oldiga ko‘ndalang qo‘ydilar. Tanqidiy va tahliliy, talab va talabchanlik, mas’uliyat va majburiyat ruhida o‘tgan rektorimiz hisoboti jamoa tomonidan birdek qabul qilindi va ma’qullandi.

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov