Hujjatli film taqdimotida

Ma’lumki, 2020 yilning mart oyida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda tashkil etilgan “Adiblar xiyoboni”da ilm-fan va san’at vakillari bilan uchrashib mazkur ma’naviyat maskani o‘zida jam etgan adiblar ijodini o‘rganish, yosh avlodni ularning asarlari ruhida tarbiyalash borasida qator vazifalarni qo‘ygan edilar. Adiblar ijodini o‘rganish, ularning xotirasini abadiylashtirish maqsadida muzey tashkil etish hamda hujjatli film yaratish shular jumlasidandir.

Ushbu uchrashuvning samarasi o‘laroq, O‘zbekiston Respublikasi Adminstratsiyasining topshirig‘iga ko‘ra adiblar ijodini o‘rganish, targ‘ib etish va ommalashtirish ishiga oliy ta’lim muassasalari biriktirildi. Aynan Abdulla Oripov shaxsan muhtaram Prezidentimiz taklifiga binoan bizning institutimizga biriktirildi. Bu esa biz uchun katta sharaf, shu bilan birga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

O‘tgan bir yarim yil davomida institutimiz Abdulla Oripovga bag‘ishlab ko‘plab tadbirlarni amalga oshirdi. Institutimizda Abdulla Oripovning Vatanni madh etuvchi sara she’rlari kitob holiga keltirilib chop etildi, adib nomi bilan ataluvchi Yoshlar bog‘i tashkil etildi. Rektorat binosida muzey ham tashkil qilinib foydalanishga topshirildi. SHoirning oila a’zolari bilan yaqin aloqa o‘rnatilib talabalarimizning Qarshi shahridagi adib nomidagi ijod maktabi hamda shoirning kindik qoni to‘kilgan  Neko‘z qishlog‘iga tashriflar amalga oshirildi. SHu bilan birga adiblar xiyobonida professor-o‘qituvchilar, talabalarimiz tomonidan 150 ga yaqin tadbirlar tashkil etildi. Amalga oshirgan eng muhim ishlarimizdan biri bu adib hayoti va ijodi haqidagi hujjatli film bo‘ldi.

Bugun institutimizning katta majlislar zalida o‘sha filmning premerasi bo‘lib o‘tdi. “Xalq yuragi” ruknida suratga olingan hujjatli filmlardan biri sifatida bu alohida qiymatga ega.  Mazkur film “SPECTR” studiyasi bilan hamkorlikda tayyorlanib iste’dodli rejisser Furqat Usmonov hamda operator Davronbeklarning  tinimsiz izlanishlarining samarasi o‘laroq dunyo yuzini ko‘rdi. Ushbu filmni suratga olinishi jarayonida fakultetlarimiz professor-o‘qituvchilari va talabalari ham kunni-kun demay tunni-tun demay ishtirok etishdi. SHuningdek, Abdulla Oripovning zamondoshlari va hamkasblari, eng asosiy adibning oila a’zolari ham filmni yaxshi chiqishi uchun o‘z mehnatlarini ayamadi.

Premerada Ulug‘ shoirning rafiqasi Hanifa opa va qizlari Shoiraxonlar ishtirok etishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zolari va televidenie xodimlari qatnashishdi. Hujjatli film Toshkent va Qarshi shaharlari, shuningdek, adib tug‘ilib o‘sgan joy Koson tumani Neko‘z qishlog‘ida suratga olingan. Filmda iste’dodli shoir SHodmonqul Salom Abdulla Oripov siymosini gavdalantirgan.

 

TIQXMMI matbuot xizmati