Korrupsiya taraqqiyotiga to‘siq
Korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan.
Institutimizda unga qarshi kurash mavzuidagi tadbirlar ketma ket o‘tkazilmoqda. 24 yanvar kuni jamiyat rivojiga to‘siq bo‘luvchi illat - korrupsiyaga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu gal "Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash" va "Qishloq suv xo‘jaligining elektr ta’minoti" fakultetlarining pedagoglar jamoasi ishtirok etishdi. Tadbirni yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Ruzimurot Choriyev olib bordi. Institut dotsenti G. Xudoyberdiyevaning mavzu bo‘yicha ma’ruzasi tinglandi. U shu xususida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Hozirgi davrda korrupsiya ko‘pgina davlatlarning iqtisodiy va siyosiy salohiyatiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatib bera oldi. Unga qarshi kurashish, muntazam ravishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dolzarb vazifalardan biriga aylandi. Shulardan kelib chiqib, 2017 yil 3 yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi yaratildi. Uning asosiy maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni 3-moddasida asosiy tushunchalar berilgan bo‘lib, unda korrupsiyaga oid huquqbuzarlik va manfaatlar to‘qnashuviga doir tushunchalarga ta’rif berilgan, ya’ni korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini, yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir. Mazkur Qonun o‘z navbatida, fuqarolarga korrupsiya va korrupsiyaga oid huquqbuzarlikning nima ekanligi va ularning salbiy illatlari haqida ma’lumot beradi. Ma’ruza tinglangach, pedagoglarnig mavzuga daxldor mulohazalari tinglandi. Tadbir yakunida shunday xulosaga kelindi. Demak, korrupsiya har qanday jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy hayotiga xavf soladigan, qolaversa, mamlakat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan illatdir.
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov