Sevimli shoira Zulfiyaxonimning tavalludining 106 yilligi munosabati bilan Adiblar xiyoboniga tashrif
GTQ fakulteti 2-bosqich 5-gurux talabari va guruh murabbiyi Nazariy va qurilish mexanikasi kafedrasi katta o‘qituvchisi E.Toshmatov bilan Zulfiyaxonimning tavalludining 106 yilligi munosabati bilan Adiblar xiyoboniga tashrif buyurishdi. Talabalar tashrif davomida Zulfiyaxonimning xayoti va ijodi bilan ham tanishishdi. O‘zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi Zulfiya Isroilova 1915-yil 1-mart kuni Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan. Shoira xotin-qizlar bilim yurtida o‘qigan vaqtlaridayoq (1931—1934) adabiy to‘garaklarda she’rlar mashq qila boshladi. 1935—1938 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi. So‘ngra 1938—1948 yillarda Bolalar nashriyotida muharrir, O‘zbekiston Davlat nashriyotida bo‘lim boshlig‘i, 1950—1953 yillarda esa «O‘zbekiston xotin-qizlari» («Saodat») jurnalida bo‘lim boshlig‘i. 1953—1980 yillarda esa bosh muharrir bo‘lib ishladi. Zulfiya 17 yoshida yozgan «Xayot varaqlari» (1932) birinchi she’rlar to‘plami bilan Oydin, Muzayyana Alaviya, Xosiyat Tillaxonovalar safiga kirib keldi.
Zulfiyaning ijodiy kamolotida o‘zbek va rus mumtoz adabiyoti, xalq og‘zaki ijodiyoti va jahon adabiyoti an’analarining roli benihoya bo‘ldi. Shoira «She’rlar» va «Qizlar qo‘shig‘i» (1938) kabi poetik asarlarini ona-Vatan va uning dala, cho‘llarida mehnat qilayotgan paxtakorlar, mexanik, traktorchi qizlarning qaynoq hayotlariga bag‘ishlaydi. Ayni chog‘da mazkur to‘plamlardagi she’rlari shoiraning she’riy mahorat sirlarini egallayotgan davrini xarakterlovchi asarlar sifatida ham muhim edi. Urush davrida shoiraning «Uni Farhod der edilar» (1943), «Hijron kunlarida» (1944) kabi to‘plamlarining nashr etilishi Zulfiyaning peshqadam shoirlar qatoriga dadil kirib kelayotganligidan nishona edi. To‘plamdagi she’rlar vatanga muhabbat, dushmanga nafrat va g‘alabaga ishonch ruhida yaratilganligi bilan xarakterlidir. Zulfiyaning «Mening Vatanim», «Qo‘limda qurolu ustimda shinel», «Bizni kut» kabi umidbaxsh she’rlari urush davri o‘zbek she’riyatining jangovar ruhini ifodalovchi asarlar qatoridan o‘rin olgan.
Shoiraning urushdan so‘nggi yillarda yozilgan «Dalada bir kun» (1948), «Tong qo‘shig‘i» (1953) kabi bir qator she’rlar turkumi, «Men tongni kuylayman», «Yuragimga yaqin kishilar» (1958), «Kuylarim sizga» (1965) to‘plamlarida Vatan madhi, mehnat jarayonida fidokorlik ko‘rsatayotgan kishilar hayoti jo‘shib kuylanadi. Respublikamizda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilgan bo‘lib an’anaviy tarzda "Zulfiyaxonim qizlari" Respublika ko‘rik tanlovi ham o‘tkazib kelinmoqda. Talabalar Zulfiyaxonimning xayoti va ijodi bo‘yicha keng tassurotga ega bo‘lishdi.
TIQXMMI matbuot xizmati