O‘ktam Pardayevich olamdan o‘tdilar

2021-yil 26-iyul O‘zbekiston Respublikasi ilm-fan sohasiga ulkan hissa qo‘shgan, ta’lim sohasining yetuk namoyondalaridan biri, Respublika oliy ta’lim Kengashi raisi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsilash muhandislari instituti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Umurzakov O‘ktam Pardayevich olamdan o‘tdilar. Umurzakov O‘ktam Pardayevich 1952-yil 20-avgustda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, 3 nafar farzandning otasi sifatida farzdanlarini ziyoli qilib o‘stirdi va tarbiyaladi. Umurzakov O‘ktam Pardayevich ko‘p yillardan beri o‘z ish faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasida ilm-fan va ta’lim sohasida katta tashubbuslarni ilgari surish bilan bir qatorda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rivojlanishi uchun ulkan hisssalarini qo‘shib kelayotgan edi. 1974-yildan 1977-yilgacha Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining “Mashinalar puxtaligi va remonti” kafedrasining kichik ilmiy xodimi, 1977-1980-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi, 1980-1990-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining “Materialshunoslik va mashinasozlik” kafedrasi assistenti, 1990-1992-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining Malaka oshirish fakulteti dekani, 1992-1996-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari tayyorlash markazi prorektori, 1996-1999-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti dekani, 1999-2004-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Ilmiy ishlar va axborot texnologiyalari bo‘yicha prorektori,

2004-2011-yillarda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori, 2011-2013-yillarda esa Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutiningng O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori, rektor vazifasini bajaruvchi, 2013-yildan hozirga qadar Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining “Suv xo‘jaligi iqtisodi” kafedrasi professori, 2017-yil 26-maydan hozirga qadar Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining rektori, Respublika Oliy ta’lim Kengashi raisi sifatida mehnat faoliyatini olib borayotgan edilar. Umurzakov O‘ktam Pardayevich O‘zbekiston Respublikasi ilm-fan va ta’lim sohasida alohida hurmat va e’tiborga ega inson bo‘lish bilan birga, zamonaviy ilm-fan, dunyodagi nufuzli ta’lim tizimlari bilan xalqaro integratsiya masalalarida ham tashabbus ko‘rsatib, ko‘plab ilmiy-amaliy loyihalarni ham amalga oshirdilar hamda buni barcha Respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalariga ham targ‘ib qildilar. Respublika Oliy ta’lim Kengashi raisi sifatida oliy ta’lim sohasida ham sezilarli amaliy ishlarni bajardilar. Berilgan taklif va tashabbuslar hukumatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, hozirgi kunda ham ish jarayonida tatbiq etilmoqda. Ilm-fan sohasida ham iqtisodiyot fanlari bo‘yicha, ham qishloq va suv xo‘jaligi iqtisodiyoti bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga ko‘plab salohiyatli, fidoiy va jonkuyar kadrlarni tayyorlab berdilar. Birgina Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti yo‘nalishida o‘zining 100 ga yaqin shogirdlari dissertatsiya himoyalarini O‘ktam Pardaevich rahbarligida muvaffaqiyatli himoya qilib, hozirgi kunda ishlab chiqarish tarmoqlarida o‘z faoliyatlarini olib bormoqdalar. Professorni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutidagi faoliyatini bir kitob qilib yozsa, bir inson hayot davriga arzigulik ishlarni amalga oshirdi desak ham adashmagan bo‘lamiz. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Respublika oliy ta’lim muassasalari orasida alohida tashabbus ko‘rsatib, institut Uzreport telekanali va HUAWEI kompaniyasi bilan hamkorlikda professor-o‘qituvchilar ma’ruzalarini ommaviy-axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali talabalar e’tiboriga yetkazish ishlarini amalga oshirdi, ushbu kompaniya bilan istiqbolli ishlar hozirgi kunda ham davom etayotgani alohida ahamiyat kasb etadi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari insitituti bilan har qancha faxrlansak arziydi. O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari reytingida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 2018-yilda 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2019-yil natijalari bo‘yicha 2-o‘rinni, 2020-yilda esa 0.1 ball farq bilan ikkinchi o‘rinni qayd etdi. Hozirda jahon universitetlarining xalqaro reytingini aniqlovchi Quacquarelli Symonds (QS) reyting agentliklari tomonidan “Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo” (Emerging Europe and Central Asia – EECA) reytingida mamlakatimizda birinchi bo‘lib, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti mazkur reytingida 301+ o‘rinni qayd etgan, hozirgi kunda bu o‘rin yanada mustahkamlanib, yuqori o‘rinlarn qayd etmoqda. Bundan tashqari, xuddi shunday yana bitta xalqaro reyting agentligi Times Higher Eduducation (THE) tomonidan ham Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari insitituti Respublikada birinchi bo‘lib, “Toza suv va sanitariya” yo‘nalishida - 201-300 o‘rin, “Ertangi hayot” yo‘nalishida 201+o‘rinni egallab, dunyo universitetlari reytingida sohasi bo‘yicha 201+ o‘rinni qayd etdi, hozirda esa O‘zbekiston oliy ta’lim maussasalari orasida xalqaro reytingda eng yuqori o‘rinlarni egallamoqda. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari insitituti xalqaro miqyosda 30 dan ortiq mamlakatlar bilan qo‘shma dasturlar, memorandumlar va hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqib, istiqbolli rejalarni belgilagan holda hozirda ham ushbu harakatlar faol davom ettirilmoqda. Albatta bu yutuqlar boshida Umurzakov O‘ktam Pardayevichning katta mehnatlari, tashabbuslari va oqil rahbar sifatida faoliyati sabab bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi 6024-sonli “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi”da nazarda tutilgan vazifalarni bajarish borasida Umurzakov O‘ktam Pardayevich Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini yangi bosqichga olib chiqishdek, katta rejalarni maqsad qilib olgan edi. Tahlil qilib aytadigan bo‘lsak, horizgi kunga qadar O‘ktam Pardayevich tomonidan tuzilgan rejalarni davom ettirish borasida keraklicha shart-sharoit yaratib va salohiyatli kadrlarni tarbiyalab ketdilar. Oxirgi yillarda institutda bajarilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan laboratoriya va auditoriyalar, ta’lim texnologiyalari, iqtidorli talaba-yoshlarni, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi katta mablag‘lar va investitsiya jalb etilishidek muhim islohotlarni qog‘ozga tushiradigan bo‘lsak, Umurzakov O‘ktam Pardayevichning o‘rni va mehnatlari samarasini ko‘rish qiyin emas. Talabalar nazarida qaraydigan bo‘lsak, Rektor. Bu so‘zni eshitganda har bir insonning hayolida qattiqqo‘l va ilmiy protokoldan chiqmaydigan o‘ta rasmiy shaxs gavdalanadi. O‘ktam Pardayevich esa har bir talabasining qalbiga qanday yo‘l topishni biladigan kuchli psixolog, xalqchil, samimiy va talabaparvar ustoz edilar. Har bir bitiruvchi shaxsan rektor qo‘lidan diplom olishi kerak ekanligini ko‘p eslatar va bu ishni juda katta e’tibor bilan bajarar edilar. Ularning shaxsan o‘zidan diplom olgan yuzlab bitiruvchilar bu jarayon qanday hayajonli va naqadar ichki undovchi kuchni uyg‘otishini bilishadi, yaxshi eslashadi. Ustozda yoshlarga hos bo‘lgan tashabbuskorlik va yoshi ulug‘ insonlarda hayot tajribasi shakllantiradigan donishmandlik uyg‘unlashib ketgan edi. Yaxshi tashabbuslarni yoqtirar, qo‘llab-quvvatlar uni yanada mukammal bo‘lishi uchun o‘z tajribasidan misollar keltirib, tuzatish va qo‘shimchalar kiritar edilar.

 

Inna lillahi va inna ilayhi roji’un.

O‘ktam Pardayevich fidoyi olim, ilm-fan va ta’limning haqiqiy jonkuyari edilar.

Ustozning barcha oila a’zolari, yaqinlari va shogirdlariga, jumladan farzandlari Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakovga hamdardlik bildirib qolamiz.