Suv resurslarini boshqarish yo‘nalishida xorij bilan hamkorlik

Xorijiy davlatlar bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi ta’lim tizimida ham o‘ziga xoslik va katta ahamiyat kasb etadi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida tashkil etilgan "O‘ZBEKISTON VA GERMANIYa O‘RTASIDA SUV RESURSLARINI BOSHQARISH YO‘NALISHIDA HAMKORLIK LOYIHALARI” mavzusidagi onlayn vebinar xuddi shu jihati bilan e’tiborga molik bo‘ldi.

2020 yil 26 iyun kuni Toshkent, O‘zbekiston va Berlin, Germaniya o‘rtasidagi virtual muloqotni TIQXMMI rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardayevich o‘zlarining samimiy istaklari bilan ochib berdilar va hamkorlikning natijalari har ikkala davlat uchun ahamiyatli bo‘lishini qayd etdilar. Ular o‘z kirish so‘zlarida muhtaram elchi Nabijon Sodiqjonovich Qosimov janoblariga, Germaniyada faoliyat yuritayotgan vatandoshlarga qizg‘in salomlarini yo‘lladilar. Shuningdek, "pandemiya sharoitida, barcha ishtirokchilar jumladan, yoshlar bilan onlayn shaklda uchrashib turganimizdan mamnunman. Yaqinlashib kelayotgan 30 iyun – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgan kun bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, u O‘zbekistonda “Yoshlar kuni” deb belgilangan"-deya uqtirdilar rektor.

Ma’lumki, 2017 yil 30 iyunda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning so‘zlagan nutqi va ushbu tarixiy anjumanda yurtimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan delegatlar hamda videokonferensiya orqali mahalliy hokimliklar rahbarlari va hududlardagi yoshlarning ham qatnashganligi bugun butun mamlakatimiz yoshlarining qalbida yanada jo‘shqin kayfiyat, g‘ayrat va shijoat uyg‘otgani aniq. Prezidentimizning vatanimiz farzandlari qalbiga katta ishonch bag‘ishlovchi, hayot haqiqatidan kelib chiqib ta’kidlayotgan fikrlari, qo‘llab-quvvatlashlari butun O‘zbekiston yoshlarini yangi marralar sari ruhlantirib, yetaklamoqda.

Bugun “30 iyun-O‘zbekiston yoshlari kuni” ga bag‘ishlab, O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assosiatsiyasi, Berlindagi Gumboldt Universiteti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamkorligida "O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida suv resurslarini boshqarish yo‘nalishida hamkorlik loyihalari” mavzusidagi onlayn shaklda vebinar ham ana shu jihati va maqsadlari bilan katta ahamiyat kasb etdi.

Mazkur vebinardan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi suv resurslarini boshqarish yo‘nalishida ilmiy va ta’limiy hamkorliklar hamda mavjud grantlar bo‘yicha ma’lumotlar berish, shuningdek, Vebinar davomida Jahon Reytingida top-100 universitetlari ichida bo‘lgan Berlindagi Gumbold Universiteti haqida ham batafsil ma’lumot berib o‘tiladi. Bundan tashqari, Germaniyada PhD dasturiga qabul qilish va muvaffaqiyatli himoya qilish talablari haqida tanishishingiz mumkin bo‘ladi. Eng asosiylaridan biri bo‘lgan, Scopus va Web of Science bazasiga kirgan kuchli jurnallarda qanday qilib maqolalar chop etish bo‘yicha ham ma’lumotlar berilishi ko‘zda tutilgan.

Bugun vebinarda asosiy spikerlik qiluvchi – qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, Berlindagi Gumboltd universiteti professori Xamidov Axmadjon Muxamadxanovich ham yosh vatandosh olimlarimizlar hisoblanadi. U bizga nafaqat vatandosh, balki Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining bitiruvchisi bo‘lgani ham bizni ruhlatirmasdan qolmaydi.

Xamidov Axmadjon Muxamadxanovich 2002 yilda institutning bakalavriaturasini, 2004 yilda magistraturasini tamomlagan. 2005-2007 yy. - Ispaniya davlatining Kadiz universitetining magistraturasida ham o‘qigan. Mehnat faoliyati davomida Amerika Qo‘shma Shtatlarining «Jahon banki» xodimi (2007-2009), Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti ilmiy xodimi (2009-2010), 2010 yildan Germaniya Federativ Respublikasining Berlindagi Gumboldt universiteti doktoranti, dotsenti, professori, shu bilan birga Leybnis nomli qishloq xo‘jaligini landshaftlashtirish ilmiy tadqiqot markazi (ZALF) katta ilmiy xodimi lavozimlarida ishlab kelmoqda Xozirda ZALF markazi va TIQXMMI hamkorligidagi «WEFUz - Sug‘orma dehqonchilikda suv-energetika-oziq-ovqat xavfsizligini barqarorligini baholash: O‘zbekistondagi daryolar misollarida» ilmiy loyihaga koordinatorlik qilib kelmoqda.

"Mamlakat taraqqiyoti ilm-fan taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liq ravishda kechadigan jarayon sanaladi. Ushbu ikki tushunchani bir-birisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, - deydi ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Tohir Zokirovich Sultonov - Bu uyg‘unlik yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, qobiliyatli yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash orqali yanada yorqin namoyon bo‘lib, albatta, kutilgan natijalarni beradi". So‘nggi bir yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining talabalari Respublika miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalarida 10 ta faxrli o‘rinlar egallagan bo‘lsa, 1 nafar doktorant va 1 nafar magistrant, 1 nafar bakalavriat talabamiz qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi, 1 nafar Navoiy davlat stipendiyasi, 2 nafar Beruniy davlat stipendiyasi sohiblari bo‘ldilar.

So‘nggi 1 yilda 10 nafar doktorant, 14 nafar magistr va 9 nafar bakalavrlarni chet elda o‘qitish amalga oshirildi. Shuningdek, institutda 2019 yilda suv resurslari, oziq-ovqat xavfsizligi, energetika yo‘nalishlari qamrab olgan mavzularda O‘rta Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston Respublikasi, Yevropa universitetlarining magistrantlari va yosh tadqiqotchilari ishtirokida 2 marta “Yozgi maktab” lar tashkil etildi. Bunday sa’yi harakatlarimiz bo‘lajak mutaxassislarimizni yanada xalqaro miqyosda o‘zlarining bilimlarini tengdoshlari bilan o‘rtoqlashishlari va sohaga doir dolzarb muammolarni birgalikda ahillik bilan hal etishlariga zamin yaratib beradi.

Albatta, o‘qishda va ilmda hamda tadbirkorlikda faol bo‘lgan yoshlarimizni doim qo‘llab-quvvatlashga davlatimiz, xorijdagi elchixonalarimiz va Yoshlar ittifoqi tayyor ekanligini yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman. Tadbir yakunida institut rektori Respublika Oliy ta’lim muassasalari kengashi raisi, O‘. P. Umurzakov vebinar ishtirokchilariga tashkiliy qo‘mita nomidan minnatdorchilik bildirdi.

 

TIQXMMI matbuot xizmati