Bugun “Xalqaro Yozgi maktab” o‘z faoliyatini boshladi

(International Summer School Sustainablity Assessment of the Water –Energy-Food Nexus for Irrigated Agriculture: Interdisciplinary Approaches for Central Asia) Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida (TIQXMMI) Germaniyaning Leybnis qishloq xo‘jaligini landshaftlari ilmiy-tadqiqot markazi (ZALF) bilan hamkorlikda Yevropa, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Efiopiya, Hindiston, Kanada, Kolumbiya davlatlarining yosh tadqiqotchilari, doktorantlari va fan doktorlari ishtirokida “Sug‘orma dehqonchilik uchun suv–energiya–oziq-ovqat xavfsizligi barqarorligini baholash: Markaziy Osiyo bo‘yicha fanlararo yondashuvlar” mavzusidagi Xalqaro yozgi maktab joriy yilning 29 aprelida boshlandi.

Ushbu tadbir Germaniyaning Folksvagen fondi (VolswagenStiftung) tomonidan moliyalashtirilmoqda. 29 aprel erta tongdan institut kirish darvozalari mehmonlarni kutib olish uchun keng ochildi. Mehmonlarni institut rahbariyati hamda tashkiliy ishchi guruh kutib olishdi. Dastlab, tashrif buyurgan barcha Xalqaro mehmonlar, Xalqaro yozgi maktab ishtirokchilari, institutdan ishtirokchilar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilar ro‘yxatga olindi va Xalqaro anjumanlar zaliga taklif etildi.

Tadbirda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga mehmonlarni tanishtirdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari so‘z berdi; vazir o‘rinbosari barcha ishtirokchilarni tabriklab, Xalqaro yozgi maktabni ochib berdi. Shundan so‘ng, Germaniyaning Leybnis qishloq xo‘jaligini landshaftlari ilmiy-tadqiqot markazi (ZALF) vakili Professor Katharina Helming ushbu samarali faoliyatning muhim yo‘nalishlari bilan tanishtirib, institut rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi va barcha ishtirokchilarga omad tiladi. Xalqaro yozgi maktabning maqsadi - suv–energiya–oziq-ovqat xavfsizligining barqarorligini baholash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni doktorantlar, o‘qituvchilar va yosh olimlarga yetkazish va ularning bu boradagi bilimlarini mustahkamlashdan iborat.

Yozgi maktab qatnashchilariga o‘qish davrida:

‒ Iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida hosildorlikni oshirish;

‒ Tuproq xususiyati va suv tanqisligi sharoitida qayta tiklanuvchi energiyani ishlab chiqarish;

‒ Bir nechta sektorlar uchun transchegaraviy suv resurslarini boshqarish;

‒ Yer resurslaridan unumli foydalanish hamda iqtisodiy tiklash tizimni yo‘lga qo‘yish;

‒ Cuv–energiya–oziq-ovqatning o‘zaro bog‘liqligi va sinergiyani boshqarish mavzularida qiziqarli ma’ruza va amaliyot mashg‘ulotlarini o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Mashg‘ulotlarni Germaniya, O‘rta Osiyo va TIQXMMIning suv va energiya resurslarini boshqarish va qishloq xo‘jaligi sohasining yetuk olimlari olib boradilar. Ta’lim olish mobaynida ishtirokchilarni amaliy va ijodiy mashg‘ulotlar, qizg‘in muhokamalar kutmoqda. Shuningdek, yozgi maktab dasturida irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarida sayyor mashg‘ulotlar o‘tish, Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar va sport-madaniy tadbirlarni o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. O‘quv kursi yakunida barcha ishtirokchilar xalqaro malaka oshirish sertifikatiga ega bo‘ladilar. Xalqaro yozgi maktab 5 mayga qadar davom etadi. Shuningdek, institutimiz talabalari, magistrantlari, doktorantlari Xalqaro mehmonlar bilan tanishish, fikr almashish, o‘zaro ta’lim yo‘nalishidagi aloqalarni mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Tashrif buyurgan Xalqaro mehmonlar va Xalqaro yozgi maktab ishtirokchilarini yuqorida aytib o‘tganimizdek, darsdan tashqari oldinda qiziqarli davra suhbatlari, sayohatlar, qiziqarli viktorinalar va boshqa yaxshi taassurotlar kutmoqda. Siz ham tashrif buyuring! Kamida o‘zingiz o‘rganayotgan bitta chet tili fanidan oz bo‘lsada tajribaga ega bo‘lasiz. Bizni kuzatib boring!

 

Institut Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Akmal Berdimurodov axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov