Yuqori darajali mintaqaviy onlayn anjuman

Yetakchi oliy ta’lim muassassasi bo‘lishning o‘zi sharaf, buning uchun esa kuchli ilmiy-pedagogik jamoa, yuqori tajriba va an’analarga ega bo‘lgan tarkibli ta’lim tizimi bo‘lishi shart. O‘zbekiston-Rossiya yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining mintaqalararo onlayn konferensiyasida ana shu ruh ustuvorlik qildi.

2020 yil 27 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Respublika Oliy ta’lim Kengashi hamda Rossiya rektorlar Kengashi va M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti tashabbusi bilan “O‘zbekiston-Rossiya yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarning mintaqalararo onlayn konferensiyasi” o‘tkazildi. Konferensiya 2020 yilda Moskva shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari sammiti dasturiga kiritilgan O‘zbekiston-Rossiya ikkinchi ta’lim forumiga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘lib xizmat qiladi. Mintaqalararo onlayn anjumanda ikki mamlakatning yuqori martabali davlat hokimiyati organlari vakillari hamda 120 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasasi rektorlari ishtirok etdi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor ABDUVAXITOV, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi boshqarma boshlig‘i Vladimir ChERNOV, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon MAJIDOV, Rossiya Federatsiyasi fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy FALKOV kirish so‘zlari bilan anjuman qatnashchilariga murojaat qiladilar. O‘zbekiston Respublika oliy ta’lim kengashi raisi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori O‘.UMURZAKOV va Rossiya rektorlar kengashi raisi, M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti rektori V.SADOVNIChIY yalpi majlisda ma’ruza bilan qatnashdilar.

Anjuman dasturi doirasida ikki davlat OTMlari rektorlari o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish barobarida dolzarb vazifa va masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotda birgalikda muhokama qilishdi. Rossiya va O‘zbekiston universitetlari rektorlarining mintaqalararo onlayn-konferensiyasi ishtirokchilari hamjihatlikda quyidagi yakuniy qarorga kelishdi. Ular Birinchi Rossiya-O‘zbekiston ta’lim forumining qarorlarini kelgusida amalga oshirish muhimligidan kelib chiqqan holda, ta’lim, fan, texnika va madaniyat sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, qo‘shma dasturlar ishlab chiqish, mutaxassislar va yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ikki mamlakat ilmiy jamoalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga intilishni hisobga olib, Rus tilining millatlararo muloqot tili va Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi ilmiy va ta’lim sherikligining muhim vositasi ekanligini alohida e’tiborga olib, ushbu vazifalarni amalga oshirishni zarur deb bilishdi.

1. Yuqori malakali kadrlar tayyorlashda ko‘p qirrali hamkorlikni izchil rivojlantirishga qiziqish bildirish;

2. Ta’limning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikda o‘qitish, hamkorlikda ilmiy va innovatsion tadqiqotlar, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, inson kapitalini rivojlantirish manfaatlariga ta’lim sifati va undan foydalanish imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar bo‘yicha universitetlararo loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash;

3. Ta’lim, ilmiy va innovatsion sohalarda: ilmiy va texnologik o‘quv markazlari, qo‘shma fakultetlarda o‘zaro hamkorlikning istiqbolli formatlarini amaliy ravishda amalga oshirishga ko‘maklashish;

4. O‘zbekistonda Rossiya universitetlari filiallarining kelgusida ochilishi va to‘liq faoliyat ko‘rsatishiga ko‘maklashish;

5. Masofaviy texnologiyalar yordamida ikki tomonlama o‘quv loyihalarini kengaytirish;

6. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida yoshlar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirishga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqish va tadbirlarni o‘tkazish;

7. Mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentlari ishtirokida 2020 yilda Moskvada Ikkinchi Rossiya-O‘zbekiston ta’lim forumining o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlash;

8. Har tomonlama taraqqiyotni ta’minlashning muhim omillari mamlakatlararo o‘zaro manfaat zamiriga qurilsa, u har bir davlatning milliy, ilmiy, iqtisodiy va siyosiy holatlaridan kelib chiqsa hamkorlik doimiy va barqaror bo‘lishi tabiiy.