Vazir bilan yoshlarning muloqoti
Davlatimiz rahbari 20 noyabr kuni Chilonzor tumaniga tashrifi paytidayoq Yoshlar forumini o‘tkazish zarurligini aytgan edilar. Undan so‘ng respublikamizning turli viloyatlarida bu tashabbus qo‘llab-quvvatlandi va shu yo‘sinda qator tadbirlar o‘tkazildi. Yaqinda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Toshkent shahri namunasi yaratildi. Ushbu tajriba doirasida poytaxtimizda o‘tkazilgan “Yoshlar oyligi”da o‘g‘il-qizlarimizning muammolari, taklif va istaklari “mahallabay” o‘rganildi. Ularning yechimlari bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqildi. Bu ezgu tashabbus mamlakatimiz bo‘ylab keng qanot yoydi. Shuningdek, barcha shahar va tumanlarda Yoshlar festivallari bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlar doirasida qator vazirlar, hokimlar, bankirlar va boshqa mutasaddilar bilan ochiq muloqot qilingani e’tiborga molik bo‘ldi. Mamlakatimizda ilk bor Toshkent shahridagi “Humo arena” saroyida O‘zbekiston yoshlari forumining o‘tkazilishi va unda Prezidentimizning ishtirok etib nutq so‘zlashi xuddi shu ma’noda katta ahamiyat kasb etgani aniq. Yoshlar forumida Prezident bundan buyon viloyat, tuman va shahar hokimlari, vazirlar va boshqa mas’ul rahbarlar joylarda yoshlar bilan uchrashuvlarni doimiy ravishda tashkil etib borishlari borasidagi fikri ayni muddao bo‘lgani rost. Yoshlar o‘z dard-u tashvishlarini, rejalarini endilikda bemalol aytishi mumkin bo‘ladi. Chunki, ularni eshitish istiqbolga ishonch, ular qalbida islohotlar sari dadil odimlash ruhini uyg‘otadi. Umidsizlik va ishonchsizlik esa ulug‘vor maqsadlarni amalga oshirishga g‘ovdir.
Shuningdek, forumda farzandlarning hunar o‘rganishga ishtiyoqini kuchaytirish, “ustoz-shogird”lik an’anasini qayta rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi. Chunki, ustoz - shogirdlik an’anasi – taraqqiyot tantanasi ekanini aslo, unutmaslik kerak. Bu borada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Yoshlar ishlari agentligi bilan birga, yoshlar, ayniqsa, ularning uyushmagan qatlami bilan mas’ullar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishga xizmat qiluvchi “Yoshlar murojaati” elektron platformasini yaratilishi borasidagi taklif juda ko‘plab muammolarning yechilishiga zamin hozirlashi, shubhasiz. Yoshlar forumidan ruhlangan holda 2020 yil 28 dekabr kuni Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamraev tizimda ishlayotgan yoshlar bilan muloqot o‘tkazdi. Tadbirda TIQXMMI ning iqtidorli, faol talabalari ham ishtirok etishdi. Vazirlik tizimida 7 mingdan ziyod yoshlar mehnat qilmoqda. Ularning safi yildan yilga kengayib borayapti. 2019-2020 yillarda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarini irrigatsiya va melioratsiya yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan oliy ma’lumotli 500 nafardan, jami 1000 nafardan ziyod yosh kadrlar ishga olindi. Hozirda tizimda oliy ma’lumotli kadrlar 45 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa, 2030 yilgacha ularning soni 65 foizga yetkaziladi. Yosh kadrlarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida ularni tajribali mutaxassislarga biriktirish, “ustoz-shogird” tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bilan birga, ularning ishni puxta o‘rganishi, sohaga ko‘nikib ketishi tizimdagi har bir rahbar oldiga mas’uliyat etib belgilangan. Sohada 5 yildan ortiq faoliyat yuritayotgan, o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan, faol va tashabbuskor yoshlarga oliy ta’lim muassasalarining sirtqi bo‘limlariga imtiyozli kirish bo‘yicha tavsiyanomalar berilmoqda. O‘tgan yili 100 nafar, joriy yilda 69 nafar yoshlar tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilindi. O‘zbekiston yoshlari forumida muhtaram Prezidentimiz shunday fikrlarni bildirib o‘tdilar: “Yoshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha – hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur”. Muloqot chog‘ida bundan buyon suv xo‘jaligi tizimida ham barcha darajadagi rahbarlar faoliyatiga yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini bartaraf etish yuzasidan amalga oshirgan ishlariga qarab baho berilishi alohida ta’kidlandi. Vazirlik huzuridagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutida 34 nafar yoshlar ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Misol uchun, Aleksandr Dolidudko “Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashda kollektordan foydalanish ishonchliligini oshirish usullari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlayapti. 2020 yilda 5 ta ilmiy maqolasi chop etildi, 1 ta monografiya, 3 ta mualliflik guvohnomasiga hammualif hisoblanadi. Muloqot chog‘ida shu kabi ilmiy ishlarni olib borayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tizimdagi har qaysi tashkilot rahbariga ilmga qiziqishi yuqori bo‘lgan 5-6 nafar iste’dodli yoshlarni saralab, ularni har tomonlama tarbiyalash va muntazam rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirildi. Bugun suv xo‘jaligi sohasida o‘zining tashabbuskor g‘oyalari bilan yutuqlarga erishayotgan yoshlar ko‘p. Oqqo‘rg‘on tuman irrigatsiya xodimi Iroda G‘anieva Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi kafilligida bankdan 100 million so‘m imtiyozli kredit olib, o‘z xonadonida 40 sotix yer maydonida issiqxona qurgan. 3 kishini ish bilan ta’minlab, pomidor va bodring yetishtirmoqda. Bu yil 25 million so‘m sof foyda olishni mo‘ljallab turibdi. Namangan Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi xodimi Abdusamat Abdulazizov o‘zi ishlaydigan nasos stansiyasida alohida joy ajratib, 5 mingta bedana boqayapti. Bir yilda olgan daromadi 144 million so‘mga yetibdi. 5 kishini ish bilan ta’minlagan. Muloqot chog‘ida Suv xo‘jaligi vazirligi Yoshlar yetakchisi Oybek Nuriddinov, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tadqiqotchilari E’zozbek Ozodov, Sarvar Meliqo‘ziev va boshqalar so‘zga chiqib, vazirga o‘z taklif va g‘oyalarini aytdilar. Yoshlarning barcha takliflari inobatga olinib, ularni amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
TIQXMMI Matbuot xizmati