Kelajak liderlari tanlovi g'olibi
2021-yilning 30-iyun kuni Toshkent shahrida joylashgan "Botanika" bogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev Miromonovich ishtirokida mamlatimizda yoshlar kuniga bag'ishlab, o'tkazilgan bayram tadbirida soʻzlagan nutqlarida "Kelajak liderlari" iborasi yangrashi, yoshlarga yana bir bora ishonch va mas'uliyat yukladi, yuqori darajada motivatsiya berdi. "Iqtidorli yoshlar orasidagi yangi avlod zaxira kadrlari Kelajak liderlarini shakllantiramiz, bugun shuni mamnuniyat bilan ta'kidlashni istardimki, bunday yoshlarimizning koʻpchiligi jonkuyarlik bilan xizmat qilmoqdalar" deya ta'kidlab oʻtganlarida yigʻilganlar tomonidan olqishlar bilan qoʻllab-quvvatlanib, kutib olindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6260-son Farmoni bilan respublikamizning barcha viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahrida faol va tashabbuskor yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga qiziqtirish hamda yangi avlod kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi boshchiligida "Kelajak liderlari" klubini tashkil etish vazifasi berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan "Kelajak liderlari" klubiga a'zolik uchun respublika boʻylab, tanlov uchun e'lon berildi. Dastlabki saralash bosqichi uchun respublikamiz bo'yicha jami 6246 nafar nomzod hujjatlarini topshirdi hamda shundan, 2796 nafar nomzodlar tanlovning ikkinchi bosqichiga oʻta oldilar. Nomzodlar barcha viloyatlarda tasdiqlangan nizom boʻyicha toʻrt bosqichli tanlov saralash, test, esse yozish va suhbat bosqichlaridan oʻtishi belgilandi.
Toshkent shahar "Kelajak liderlari" klubi a'zoligi uchun respublikamiz jami nomzodlarining qariyib 10 foizi, 652 nafari hujjat topshirishdi shundan, 350 nafar nomzod saralash bosqichdan oʻtib, ikkinchi bosqichga tavsiya etildi. Test jarayoni toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn yoritilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Toshkent shahar filiali tomonidan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tashkil etildi. Maxsus dastur orqali oʻtkazilgan Test jarayoni natijasiga 350 nafar ikkinchi bosqichga oʻtgan nomzodlardan 179 nafari uchinchi bosqich esse yozish bosqichiga oʻta oldilar. Esse yozish bosqichi "Xalqni sevgan davlat xizmatchisi" mavzusida ochiqlik asosida toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn yoritilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Toshkent shahar filiali tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida oʻtkazildi. Uchinchi esse yozish bosqichidan 179 nafar nomzoddan 152 nafari oxirgi toʻrtinchi bosqich, suhbat bosqichiga oʻta oldilar. Yakuniy bosqich Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Toshkent shahar filialida tasdiqlangan komissiya ishtirokida ochiqlik asosida toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn yoritilgan holda, oʻtkazildi. Uchinchi va toʻrtinchi suhbat bosqichida ballar 100 ballik tizimda baholanib, 50 nafar eng yuqori bal toʻplagan nomzodlar klub a'zoligiga qabul qilindi.
Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat Boshqaruv Akademiyasida Davlat fuqarolik xizmati uchun yangi avlod kadrlarini shakllantirish maqsadida Toshkent shahar "Kelajak liderlari" klubi faoliyatini tashkil etish va klubning rasmiy ochilishi tadbiri oʻtkazildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori birinchi oʻrinbosari Xasanov Otabek Abdurashidovich, Oʻzbekiston Respublikasi Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Toshkent shahar filiali rahbari Inagamov Jovdatxon Sultanovich, Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Raximova Durdona Shukurullayevna, 50 nafar klub a'zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakllari ishtirok etishdi. Davlatimiz rahbari hamda davlat tashkilotlari e’tiborida boʻlgan Toshkent shahar "Kelajak liderlari" klubiga Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tayanch doktoranti Berdimurodov Akmaljon Azamat oʻgʻli ham tanlovlardan oʻtib, yuqori natija bilan qabul qilindi. Ushbu klubda doktorantlar uchun ham maxsus imkoniyatlar boʻlib, oʻquv-uslubiy yoʻnalishda olib boriladi.
Klubning maqsadi, vazifalari va funksiyalari belgilab olingan. Klubning asosiy maqsadi 20-35 yoshdagi faol, tashabbuskor va iqtidorli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga qiziqtirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va qoʻllab-quvvatlash, ular orasidan davlat fuqarolik xizmati uchun yangi avlod istiqbolli kadrlarini seleksiya qilish, davlat organlari va tashkilotlaridagi yosh mutaxassislarni liderlik (rahbarlik) koʻnikmalariga oʻrgatish, yuqori malakali davlat fuqarolik xizmatchilari qatlami va yangi avlod kadrlari zaxirasini shakllantirishdan iborat. Klubning asosiy vazifalari Toshkent shahridagi yoshlar orasidan eng faol va tashabbuskorlar qatlamini aniqlash, ular orasidan istiqbolli va iqtidorlilarni saralab olish boʻyicha tizimli ishlarni olib borish, yosh davlat fuqarolik xizmatchilarida yuksak kasbiy axloq-odob, korrupsiyaga qarshi turish madaniyati va unga toqatsiz munosabatni shakllantirish, klub a’zoligiga qabul qilingan yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga har tomonlama tayyorlash, oʻqitish va malakasini oshirish, mahalliy hokimlik organlarining rahbarlik va boshqaruv lavozimlarining zaxirasini yuqori natijalarga erishgan klub a’zolaridan shakllantirish,yosh davlat fuqarolik xizmatchilari bilan bogʻliq muammolarni oʻrganish, ularni tahlil qilish hamda ushbu muammolarni bartaraf etish tahliliy va tashkiliy choralarni amalga oshirish, davlat fuqarolik xizmatida gender tenglikni ta’minlashga koʻmaklashishdan iborat. Klubning funksiyalari yoshlar orasida barcha darajalardagi davlat fuqarolik xizmati nufuzini va jozibadorligini oshirish, istiqbolli mutaxassislar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlar orasida davlat fuqarolik xizmatining ijobiy timsolini shakllantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, istiqbolli va iqtidorli shaxslarni yoshlar orasidan izlab topish va saralab olish, istiqbolli kadrlar seleksiyasini amalga oshirish, saralangan yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlab borish, davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari bilan birgalikda yoshlar o‘rtasida davlat fuqarolik xizmati va kadrlar ma’muriyatchiligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, shu jumladan davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat fuqarolik xizmatchilariga yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni singdirish boʻyicha targʻibot ishlarini olib borish, klub a’zoligiga qabul qilingan yoshlarni vatanga sodiq inson etib tarbiyalash, ularda mustaqil fikrlash, boshqaruv va liderlik koʻnikmalarini shakllantirish hamda davlat boshqaruvi sohasida dunyoqarashini kengaytirish maqsadida oʻquv-seminarlar, uchrashuvlar va master-klass hamda treninglar tashkil etish, yosh davlat fuqarolik xizmatchilari bilan bogʻliq muammolarni oʻrganish, ularni tahlil qilish hamda ushbu muammolarni bartaraf etish bilan bogʻliq amaliy ishlarni tashkil etish,yosh davlat fuqarolik xizmatchilarining safini kengaytirish, ularning kasbiy kompetensiyalarini oshirish; yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni manfaatlarini himoya qilish, intellektual salohiyatini toʻliq namoyon etishi, jamiyatda munosib oʻrin egallashlari uchun shart-sharoitlar yaratib berishga koʻmaklashishdan iboratdir. Yuqoridagi maqsad va vazifalarni oʻqib chiqgan har bir shaxs bu klubning avvalgi klublardan farqini anglab yetishi aniq.
TIQXMMI matbuot xizmati