“Tabiiy resurslarni barqaror boshqarishda raqamli texnologiyalar klasteri” ochildi

Doimiy izlanish va harakatda bo‘lish yurt taraqqiyoti va farovonligiga xizmat qiladi. Faoliyatning ikki qanoti bor bo‘lib, bu tashabbuskorlik va tashkilotchilikdir. Yangi yil oldidan kengqamrovli faoliyatning nishonasi sifatida yana bir yangilikni e’tirof etish o‘rinlidir. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “Tabiiy resurslarni barqaror boshqarishda raqamli texnologiyalar klasteri” AKFA Group kompaniyasi homiyligida tashkil etildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirni institut rektori, professor O‘ktam Umurzakov kirish so‘zlari bilan ochib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevga so‘z berdilar. Ular Prezidentimiz Murojaatnomasidagi mulohazalardan kelib chiqqan holda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning muhim jihatlari haqida fikr bildirdilar. Shuningdek, tadbirda Respublika Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov, AKFA Group kompaniyasi direktorlar kengashining raisi Abror G‘aniyev va boshqa nufuzli rahbarlar ishtirok etishdi.

Ushbu klasterning maqsadi masofadan zondlashning zamonaviy usullari va geografik axborot tizimlardan foydalangan holda, qishloq, suv va o‘rmon xo‘jaligi, yerdan foydalanish, geodeziya va kartografiya, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishini baholash bo‘yicha situatsion (vaziyatli) jarayonlarni kuzatish, nazorat qilish bo‘yicha tadqiqotlar amalga oshirishdan iborat. Institutda Yevropaning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik doirasida ko‘pgina professor-o‘qituvchilar, doktorant va magistrantlarimiz o‘tgan 15 yil davomida ushbu qishloq va suv xo‘jaligi sohasida masofadan zondlash, geografik axborot tizimlardan foydalanish bo‘yicha yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishlariga, ularni amaliyotda qo‘llashga erishdilar.

Jumladan, 2003 yildan boshlab Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Niderlandiyaning Vaginengin universiteti bilan hamkorlikda Atrof-muhitni muhofaza qilish (Geoaxborot tizimlari) va Atrof-muhitni muhofaza qilish (xalqaro yer va suv resurslarini boshqarish) magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ikki tomonlama diplom berish dasturini yo‘lga qo‘yildi. O‘qishlar ingliz tilida tashkil etildi. Hozirga qadar 50 nafar magistrantlar ushbu dastur asosida qo‘shma magistraturada o‘qishdi. O‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan 15 nafar magistrantlarga Vaginengin va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining “magistr darajasi” diplomlari berildi.

Bundan tashqari, 8 nafar magistrantlarning dissertatsiya ishlari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti va Vaginengin universiteti professorlari rahbarligida “O‘zbekiston sharoitining atrof-muhit muhofazasi muammolari va geografik axborot tizimlari” bo‘yicha tadqiqotlar olib borib, hamkorlik doirasida Vaginengin universitetining diplomlarini olishdi. Vaginengin universitetining 34 nafar talabalari TIQXMMI bazasida o‘zlarining tegishli amaliyotlari va dissertatsiya tadqiqotlarini amalga oshirishdi.

Umuman olganda, xorijiy universitetlar: Vaginengin universiteti (Niderlandiya), Bonn universiteti (Germaniya), Vaynshtefan universiteti (Germaniya) bilan 194 nafar magistrantlar, jumladan 92 nafari “(Qishloq va suv xo‘jaligida) Atrof-muhit muhofazasi” mutaxassisligi bo‘yicha magistr kadrlar qilib tayyorlandi. Hozirgi kunda magistratura bitiruvchilari O‘zbekiston, Gollandiya, Germaniya, Shvesiya, Slovakiya, Yaponiya, Italiya va Avstriyaning yetakchi universitetlarida o‘z ilmiy izlanishlarini olib bormoqdalar. Ulardan O‘zbekistonda 5 nafari fan nomzodi, 20 nafari falsafa doktori(PhD)ilmiy darajalarini olishdi. Vaginengin universiteti va TIQXMMI olimlari birgalikda o‘simliklar indekslari asosida sho‘rlanish va tuproq degradatsiyasini baholashning yangi uslubiyatini ishlab chiqdilar. Dunyoda ilk marotaba Sirdaryo viloyati misolida tuproq sho‘rlanishini o‘simliklar kosmik termografiyasi usuli bilan baholashda qo‘llanildi. Hozirgi kunda Avstraliyalik olimlarning qiziqishlari asosida Avstraliyada paxta va dukkakli don mahsulotlarini yetishtirishda ushbu uslubdan foydalangan holda tadqiqotlar olib borilmoqda.

TIQXMMI matbuot xizmati