Jo‘sh urgan ulug‘ xalq qudratining kuychisi
Adiblar xiyobonida sayr etgan kishi ajib bir manzaraning guvohi bo‘ladi. Anvoyi gullar va daraxtlar bilan muzayyan etilgan so‘lim bog‘da qad rostlagan, adabiyot va san’atimiz ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan adiblarning haykallari oldida bo‘lganingizda, ular siz bizni qay darajada bilasiz, degan savolomiz nazar bilan qarab turgandek bo‘ladi. Beixtiyor ularning yozgan asarlari, qoldirgan adabiy merosi bilan qiziqasiz va hayotiy faoliyati ko‘z oldingizda jonlanibgina qolmay, sizda mas’uliyat hissi bilan majburiyat burchini anglatayotgandek bo‘ladi. Adabiyotga yaqinlashish ma’rifat, ma’naviyat, madaniyat bilan oshna bo‘lish demakdir. Ushbu xayrli va ma’rifiy maqsadni nazarda tutgan holda, tashabbus bilan chiqqan Prezidentimizning "Adabiyot xalqning yuragi, elning ma’naviyatini ko‘rsatadi.
Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yo‘l topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning ta’sirchan kuchidan foydalanish kerak" - deyishlarida ulkan maqsad, ommani ilmga, kitobga chorlash niyatlari borligini anglash qiyin emas. Shuning uchun ham so‘lim bog‘da jamuljam bo‘lgan ma’rifat va adabiyot darg‘alarining har biri ma’naviyatning mayog‘i sifatida dillarni yoritadi. Eng ahamiyatli jihati shundaki, har bir oliy ta’lim muassasasiga ulardan biri biriktirilgan bo‘lib, o‘sha ta’lim maskanining talabalaridan tortib professor o‘qituvchilarigacha belgilangan adibning hayotiy va ijodiy faoliyatiga doir ma’lumotlarni to‘la o‘rganib targ‘ib qilishi talab etiladi. Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti jamoasiga el sevgan adib, O‘zbekiston qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Davlat madhiyasi matnining muallifi Abdulla Oripov ijodiy va hayotiy faoliyati targ‘ibotining biriktirilishi ham tasodifiy emas. Sababi Abdulla Oripov hayotlik paytlarida ushbu ta’lim maskanida boshqa oliy o‘quv yurtlariga nisbatan juda ko‘p ijodiy muloqot va uchrashuvlar uyushtirgani ma’lum. Buning boisi borligini institutda tashkil etilgan adabiy uchrashuvlardan birida o‘zlari shunday e’tirof etgan edilar. "Irrigatsiya, miroblik mening qalbimga, ruhiyatimga yaqin. Bolaligimdan bu kasbga ayricha mehr bilan qarayman.
Yoshligimda ilk she’riy mashqlarimni tinglab baholaydigan yaqin qardoshimiz ham mirob edilar. Yozgan she’rlarimni ilk bor eshitib baholovchisi o‘sha irrigator bo‘lgan. Ularni men chinakam ustozim deyishga haqliman. Chunki umr bo‘yi amal qilgan aqidamga sodiq qolib, sobit turishimga ularning aytgan so‘zlari va bergan maslahatlari asos bo‘lgan. Kunlarning birida bir she’r yozgandim. Odatdagidek, uni ilk tinglovchisi bo‘lgan o‘sha mirob edilar. Ular dalada egatlarga suv tarab ketmoniga suyangancha turardilar. She’rni o‘qidim, o‘sha paytda an’ana, rasm bo‘lgan mavzuda edi. "Kremlning yulduzi, porlar kecha-kunduzi" va hokazo davom etardi. Ketmonga suyanib horg‘in tarzda turgan mirob qardoshimiz menga qarab shunday dedi: "She’rni zo‘r yozibsan, qofiyasi ham, mazmuni ham joyida, lekin, senga bir savolim bor, Abdulla, sen o‘zing Kremlni borib ko‘rganmisan?"- dedilar. Men dong qotib qoldim. Demak, nimani ko‘rgan bo‘lsang, bilgan, his etgan narsang haqida yozish kerakligini menga o‘sha irrigator o‘rgatganlar. Shuning uchun ham ularni ilk ustozim degim kelaveradi doim". Mana, Abdulla akaning e’tirofi. Shunday ekan, ulug‘ shoirimizning ta’lim muassasamiz bilan bog‘liqlik mehri chandon ustuvor.
Bugun TIQXMMI institutining bir guruh pedagog, professor o‘qituvchilari va talabalari Adiblar xiyobonida buyuk va suyuk adibimiz Abdulla Oripov siymosi aks etgan haykal qoshida "Jo‘sh urgan ulug‘ xalq qudratining kuychisi" nomli shoirni yod etish mazmunida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbir avvalida institut yoshlar bo‘yicha prorektor Ruzimurot Choriev boshchiligida shoir haykali poyiga gulchambar qo‘yildi. Tadbirda Abdulla Oripovning qizlari Shoiraxon Oripova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, iste’dodli shoir Bobur Bobomurod, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining professori Nurboy Jabborovlar ishtirok etib o‘zlarining ulug‘ shoirimizning ijodiy faoliyati bilan bog‘liq mulohazalari va o‘y-kechinmalarini o‘rtoqlashishdi.
Shuningdek, institutimiz professor o‘qituvchilaridan Shohista O‘ljaeva, Rashid Hakimov, Oybek Arifjonovlar shoir faoliyatining turli qirralari yuzasidan ma’lumotlar berib o‘tishdi. Abduhakim akaning shoir qalamiga mansub "Birinchi muhabbatim" she’ri asosidagi qo‘shiqni ijro etganda barcha sel bo‘lib tingladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Talabalarimizning shoir she’rlaridan ifodali tarzda o‘qib berishlari ham davraga fayz kiritdi. Ma’rifiy muloqot jarayonini "O‘zbekiston - 24" teleradiokanali informatsion dastur uchun yozib oldi. Abdulla Oripov siymosi, uning she’riyati xalq va davr ohangi bo‘lib barcha zamonlarda yangrab turishiga shubha yo‘q. Zeroki, mangulikka muhrlangan so‘z kuchi va qudrati abadul abad adabiy bong sifatida dong qozonib, ne-ne avlodlar ong-u shuuriga nur hamda g‘urur baxsh etib turaveradi.
TIQXMMI matbuot xizmati