Konstitutsiya - istiqlol mash’ali

Har bir xalqning milliy qiyofatini namoyish etadigan ramzlari bor. Xuddi shu ma’oda, bayroq, gerb, madhiya qanchalik ahamiyat kasb etsa, qomusimiz - nomusimiz timsoli bo‘lgan Konstitutsiyamiz ham ana shunday katta mohiyatga ega. Hammamizga ayonki, rivojlangan davlatlarda insonning yashash tarzi, butun hayoti huquqiy mezonlar bilan belgilanadi. Bu jamiyatning tartib tizginini, tuzum va tizimning mohiyatini ifoda etuvchi hujjat - mamlakat konstitutsiyasidir. Shuning uchun ham u Asosiy qonun, bosh qomusimizdir. Millatning tabiati, tiynati, urf-odati, madaniyati, ta’lim olishdan tortib dam olish huquqlarigacha huquqiy me’yorlar bilan belgilanadigan hujjat bu. Mustaqil Respublikamizning Konstitutsiyasi qabul qilinganligiga 27 yil to‘lishi munosabati bilan institutimizda katta ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda institutimizda faoliyat yuritayotgan nufuzli akademiklar, professor o‘qituvchilar ishtirok etishdi.

 

Tadbir avvalida davlatimiz madhiyasi yangradi. So‘ngra rektorimiz professor O‘ktam Pardaevich Umurzakov barchani qutlug‘ bayram bilan muborakbod etdi. Keyin esa yuridik fanlar doktori, Toshkent davlat yuridika instituti professori Muxamedov Xaydarali Melievich konstitutsiyaning tarixi va bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati borasida qiziqarli ma’ruzasi bilan ko‘pchiliknig e’tiborini qozondi. Ushbu tarixiy hujjat o‘zining gumanistik va demokratik mohiyati bilan xalqimiz o‘zligining ko‘zgusi, fuqarolik burchi, mas’uliyati hamda majburiyatlarini to‘la namoyon etadi. Bugungi kunda erishilgan yutuq va natijalar konstitutsiyamizning amaldagi kuchiga sadoqat bilan bog‘liq.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev o‘z chiqishlarida mustaqilligimizning mazmun - mohiyati va kuchi xalqimizning ong-u tafakkuri, dunyoqarashining o‘sishi va huquqiy savodxonligining tobora osha borishi bilan bog‘liqligini ta’kidlaydilar. Konstitutsiyamiz umuminsoniy g‘oyalar - tenglik, erkinlik, birodarlik, xalqlar va millatlararo do‘stlik, mamlakat va dunyo barqarorligi kabi eng ulug‘ g‘oyalarni o‘zida mujassamlashtirgan. 2019 yil - “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” o‘z shukuhi va zalvori bilan xalqimiz hayotida chuqur iz qoldirganini ham eslatib o‘tish joiz. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatimizda zamonaviy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning qonuniy asosi, diyorimizdagi tinchlik va osoyishtalik, fuqarolar va millatlararo hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yurtimizning rivojlangan davlatlar qatoriga kirishi, xalqimiz farovonligini yanada oshirishning huquqiy kafolati bo‘lib kelmoqda.

 

Shu kunlarda Asosiy Qonunimiz qabul qilinganining yigirma yetti yilligini siyosiy-ijtimoiy, huquqiy va ma’naviy hayotimizda yorqin iz qoldiradigan, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy g‘oya ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan tarixiy sana sifatida keng nishonlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy va huquqiy targ‘ibot tadbirlari boshlab yuborildi. Bu tadbirlarda O‘zbekistonda istiqlol yillarida, ayniqsa, keyingi uch yilda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar hamda konstitutsiyaviy jarayonlarni, Vatanimiz taraqqiyotining tarixiy shart-sharoitlari, hozirgi saodatli kunlar va yorug‘ istiqbolimizni, xalqimizning bunyodkorlik ruhi, ulkan salohiyatini chuqur tahlil va targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida institutimiz faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan 2017 yil 24 maydagi PQ-3003-sonli “Qishloq va suv xo‘jaligi tarmoqlari uchun muhandis texnik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, 2018 yil 8 maydagi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3702 qarorlari kabi bir qator hujjatlarning sohamizga bevosita bog‘liq ekani, buni og‘ishmay amalga oshirish zimmamizda ekanini, aslo unutmasligimiz kerak. Ushbu qarorlar sohada kadrlar tayyorlash sifatini tubdan o‘zgartirish va zamon talablariga mos barkamol mutaxassislarni tayyorlash borasidagi faoliyatimizda yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi.

 

Hozirgi kunda institutimizda ham ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘quv jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, jahondagi ilg‘or oliy ta’lim muassasalari bilan ikki tomonlama diplom dasturini amalga oshirish, hamkorlikda ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash tizimi izchillik bilan yo‘lga qo‘yib borilmoqda. Mazkur innovatsion hamkorlik va investitsion faoliyatlar o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Shu uch yilning o‘zidayoq, institutimizda Yaponiya, Xitoy, Germaniya, Koreya, Rossiya, AQSh, Vengriya, Turkiya kabi xorijiy davlatlarning fan-ta’lim mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalar hamda imzolangan memorandumlar, ilmiy innovatsiyalar shu yo‘sindagi fikrimizning isbotidir. Kimyo fani bo‘yicha Nobel mukofotining sovrindori Dan Shextmanning institutimizga tashrifi, institutimizning jahon reytingida eng e’tiborli, nufuzli o‘ringa ega bo‘lgani ham quvonarli va bu o‘z navbatida pedagoglar jamoasining o‘z ishiga mas’uliyati yuqori bo‘lganligini bildiradi.

Institutda har yilda talabalar uchun fan olimpiadalari muntazam o‘tkazib kelinadi. Yiliga 8-10 nafar talabalar fan olimpiadalarining Respublika bosqichi g‘olibliklarini qo‘lga kiritadilar. Har yilda 3 nafar talaba va doktorantlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasiga, 7 nafari Beruniy, Navoiy, Islom Karimov nomli Davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lib kelmoqdalar. Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish mutaxassisligi 2-kurs magistranti Hafizov Bunyodjon Zayniddin o‘g‘li, institutimizning Buxoro filialidan Suv xo‘jaligi va melioratsiya ta’lim yo‘nalishi talabasi Shukurullaev Jamshid Baxtiyor o‘g‘li O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sohibi bo‘lganlari jamoamizning faxridir. Xalqimiz tomonidan katta shodiyonalar bilan nishonlanayotgan ushbu damda barchangizni bardamlik, birdamlik, bayrami Konstitutsiyamizning 27 yilligi bilan chin dildan qutlayman. Hayotingiz davomida hamisha quvonch, baxt va omad sizlarga yor bo‘lsin. Adolat, qonun ustuvorligi, huquqiy burch, vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi istiqbolimiz va istiqlolimizning yog‘dusi, mayog‘idir.

Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov