Respublika oliy ta’lim kengashining 1-yig‘ilishi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 26 dekabrdagi 1037 - sonli qarori bilan Respublika oliy ta’lim kengashi tashkil etilgandi. Kengash yuridik maqomga ega bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilot sifatida faoliyat yuritishi belgilangan bo‘lib, TIQXMMIda 2020 yilning 6 yanvar kuni Respublika oliy ta’lim kengashining 1-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kengash raisi Umurzakov O‘ktam Pardayevich tadbir ishtirokchilarini, aniqrog‘i, kengash tarkibi bilan tanishtirib o‘tdi. So‘ngra ushbu nodavlat notijorat tashkilotning maqsad vazifalari xususida so‘z yuritdi. Dastavval, kengash a’zolari ro‘yxatini keltirish maqsadga muvofiq.
Respublika oliy ta’lim kengashi tarkibi:
- Umurzakov O‘ktam Pardayevich - Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori, Kengash raisi
- Tashkenbayev Ulug‘bek Nigmatovich - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi xuzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Kengash raisi o‘rinbosari
- Sa’dullayev Alisher Zafar o‘g‘li - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar,fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash,madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, Yoshlar ittifoqi raisi
- Abduraxmonov Ibroxim Yulchiyevich - O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri
- Bekmurodov Adxam Sharipovich - “El-yurt umidi” jamg‘armasi direktori vazifasini bajaruvchi
- Fayziyeva Dilorom Xusnitdinovna - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati
- Allayev Qaxramon Raximovich - O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi
- Tojiboyev Komiljon Sharobitdinovich - O‘zbekiston Respublikasi Botanika instituti direktori
- Xolmuradov Rustam Ibragimovich - Samarqand davlat universiteti rektori
- Rixsiyeva Gulchexra Shovkatovna - Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori
- Karimov Komiljon Xamidovich - Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti rektori
- Salomov O‘ktam Raximovich - Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori
- Xasanov Atabek Abdirashidovich - Xalqaro press- klub raisi o‘rinbosari
- Safarov Mamadamin Abdug‘apporovich - O‘zbekiston 24 telekanali direktori
- Samadov G‘ulomjon Xursandovich - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i
- Muxamadali Abduqunduzov - O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti
- Raxmatov Murtazo Axmedovich - BST Klaster rahbari, professor
- Shermuxammedov Abdulaziz Adilxakovich - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi bosh ilmiy kotibi
- Jonibekov Nodir Davranovich - Vatandosh, Germaniyaning Leybnis ilmiy tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, falsafa doktori
- Farmonov Bobur Baxromovich - Ilm fan va ta’lim tarbiyani rivojlantirish Ziyo Forum fondi raisi
- Xudayberdiyev Xushnud G‘ayratovich - Ijtimoiy tarmoqlardagi “Xushnudbek.uz” sahifalari adminstratori
Yig‘ilishning kun tartibidagi masalalar quyidagilardan iborat bo‘ldi:
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 26 dekabrdagi 1037-sonli “Respublika oliy ta’lim kengashini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan asosiy vazifalar to‘g‘risida (mas’ul: Umurzakov O’.P.)
- Respublika oliy ta’lim kengashiningtarkibi bilan tanishtirish va ularga yuklatilgan vazifalar to‘g‘risida (mas’ul: Umurzakov O’.P.)
- Respublika oliy ta’lim kengashining Ustavini tasdiqlash
- Respublika oliy ta’lim kengashining 2020 yilgi ish rejasi loyihasini muhokama qilish va tasdiqlash
Kengash raisi nodavlat notijorat tashkilotning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, funksiyalari borasida quyidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tdilar. Professor-o‘qituvchilar, talabalar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazish, jamoatchilik va ish beruvchilarning fikrini o‘rganish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni tahlil qilish orqali oliy ta’lim sifatini oshirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish kengashning asosiy vazifalaridandir. Shuningdek, oliy ta’limni davlat tomonidan boshqarish tizimi samaradorligiga va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ular tomonidan ta’lim berishda qo‘llanilayotgan ta’lim-tarbiya usullarining ta’sirchanligiga holisona baho berish hamda ta’lim berishda yuqori sifatni ta’minlash yuzasidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu borada ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilish ham kengashning muhim funksiyalaridandir. Bularan tashqari oliy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va pedagoglarning ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni mazmunli va maqsadli tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish ham tashkilotning vazifalari tarkibiga kiradi.
Ayni paytda xalqaro aloqalar natijadorligini tahlil qilib borish, qo‘shma dasturlari samaradorligini baholash, hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, chet ellik professor-o‘qituvchilar va xorijdagi vatandoshlarni oliy ta’lim tizimiga jalb etish bo‘yicha takliflar tayyorlash, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining milliy va xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini muntazam ravishda tahlil qilib borish va ularning yillik o‘sish dinamikasini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy masalalarda ko‘maklashish shu asnoda oliy ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini baholash va takomillashtirish bo‘yicha xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganish asosida ularni respublika oliy ta’lim muassasalari sharoitida qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish uning maqsad va vazifalari tarkibidan joy oladi. Turli tashkilot va muassasalar vakillaridan tarkib topgan kengash a’zolariga 8 banddan iborat vazifalar yuklandi va ular ana shu faoliyat yo‘nalishlariga mas’ul sifatida biriktirildi.
Kengash faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ullar:
1) professor-o‘qituvchilar, talabalar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazish, jamoatchilik va ish beruvchilarning fikrini o‘rganish hamda ilg‘or xorijiy tajriba tahlili asosida oliy ta’lim sifatini oshirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish; mas’ullar (Toshkenboyev U.N, Rixsiyeva G.Sh)
2) oliy ta’limni davlat tomonidan boshqarish tizimi samaradorligini, professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va ular tomonidan ta’lim berishda qo‘llanilayotgan ta’lim-tarbiya usullarini tizimli tahlil qilib borish; mas’ullar (Sa’dullayev A, Xasanov, A, Abduqunduzov M.)
3). ta’lim sifatini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu borada ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilish; mas’ullar (Fayziyeva D., Safarov M, Samadov G‘.)
4). oliy ta’lim muassasalarining faoliyatida shaffoflik va xolislik tamoyillari to‘laqonli amal qilishini, korrupsiyaga sharoit yaratuvchi omillarning barvaqt oldini olish hamda bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish; mas’ullar (Xudoyberdiyev X, Farmonov B)
5). oliy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ularning ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni maqsadli tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish; mas’ullar (Abduraxmonov I.Yu, Tojiboyev K, Shermuxammedov, A.)
6).oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlik natijadorligini tizimli tahlil qilib borish, qo‘shma ta’lim dasturlari samaradorligini baholash, hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, chet ellik professor-o‘qituvchilar va xorijdagi vatandoshlarni oliy ta’lim tizimiga keng jalb etish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish; mas’ullar (Bekmurodov A, Allayev Q.R.)
7). oliy ta’lim muassasalarining milliy va xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini muntazam ravishda tahlil qilib borish va ularning yillik o‘sish dinamikasini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy masalalarda ko‘maklashish; mas’ullar (Xolmurodov R.I, Karimov K, Salomov O‘.)
8). ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida respublika oliy ta’lim muassasalarining faoliyati samaradorligini baholash va takomillashtirish yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish; mas’ullar (Djanibekov N, Raxmatov M.)
Ular muammolarni yechishlari borasida o‘zaro fikr almashishlari mumkin, bu taxminiy tarzda havola etilayotgani Kengash raisi tomonidan e’tirof etildi. So‘ngra Kengashning asosiy vazifa va maqsadlari bo‘yicha o‘zaro mulohaza va munozaraga o‘tildi. R. Xolmurodov, U. Tashkenbayev, X, Xudoyberdiyev, Q. Allaev, B. Farmonov, M. Saparov, G. Rixsiyevalar o‘z taklif va tavsiyalarini bildirib o‘tishdi. Kengashning keyingi yig‘ilishida oliy ta’lim oldida turgan muammolar bo‘yicha konkret ishlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov