TIQXMMI xodim va talabalari C.A.T science accelerator 2.0 da ishtirok etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3697 sonli “Faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni amalga oshirish maqsadida mamlakatimizda turli startap loyihalar va ko‘rik tanlovlar e’lon qilinmoqda, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan, dunyo reytingida TOP 3 eng yaxshi dastur platformalaridan biri asosida faoliyat olib borayotgan C.A.T science accelerator ham shular qatoridan o‘rin olgan.
Hozirda Respublika ilg‘or texnologiyalar markazi hamkorligida C.A.T science accelerator dasturi muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda, akseleratorning 1.0 loyihasi natijasida ikkita startap loyiha umumiy 200 000 AQSh dollari miqdorida moliyalashtirilgan edi.
Hozirda C.A.T science acceleratorning 2.0 dasturi o‘z faoliyatini boshladi, unda Markaziy Osiyo davlatlaridan 253 dan ortiq loyihalar dastlabki saralash bosqichiga qabul qilindi, ular qatorida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish” kafedrasi dotsenti Usmanov Aziz Magdaliyevich, doktorant Ozodov E’zoz, magistrantlar Yusupov Muhammadsodiqjon va Ismailov Sarvarbeklar tomonidan ishlab chiqilgan “Defuse-it” loyihasi ham saralash bosqichida ishtirok etdi.
Institutimiz jamoasining muvoffaqiyatli loyiha himoyasi natijasida “Defuse-it” jamoasi C.A.T science acceleratorning 2.0 dasturiga qabul qilindi, endilikda jamoa Respublika ilg‘or texnologiyalar markazining labaratoriyasidan foydalanish huquqiga ega bo‘ldilar va 6 oy davomida AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya ilg‘or startap mutaxassislari, mentorlar, trekerlar tomonidan startaplarini rivojlantirish ta’lim dasturiga qabul qilindilar. Hozirda qabul qilingan 18 ta loyihalar dasturning ikkinchi bosqichiga o‘tdi, reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha “Defuse-it” eng yuqori o‘rinni egalladi.
“Defuse-it” loyihasi sug‘orish uchun qo‘llaniluvchi suvning tuzlanganlik darajasini pasaytirish uchun qaratilgan uskunasi bilan ishtirok etmoqda. Ushbu uskuna masofadan boshqarish GSM, AT mega 328 mikroprotsessori asosida yaratilgan va qaror qabul qilish tizimi bilan jihozlangan.
Loyiha haqida batafsil http://cat-sa.uz/2578-2/ havolasi orqali, loyihaga qiziqish bildirgan aziz talabalarimiz esa telegram ijtimoiy tarmog‘imizdagi https://t.me/Defuseit havolasi orqali kuzatib borishingiz mumkin.
TIQXXMI matbuot xizmati