Gidroponika: tashlandiq yerni ham xazinaga aylantiruvchi usul
Mamlakatimizda barcha sohalardagi kabi, qishloq va suv xo‘jaligida ham ilg‘or texnologiyalarni, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etishda keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida so‘nggi yillarning ilg‘or kashfiyoti sifatida Gidroponika tipidagi issiqxonalarni keltirishimiz mumkin.
“Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi o‘qituvchilari Yulchiyev Davron, Tadjiyev Sunnat va Malikov Elyor faol talabalar bilan birgalikda Toshkent shahar Bektemir tumanida joylashgan “Durdona sifat lyuks” korxonasi tomonidan zamonaviy usulda tashkil etilgan gidroponika issiqxona majmuasiga tashrif uyushtirildi.
“Durdona sifat lyuks” MChJ tomonidan jami 9 gektar maydonda issiqxona barpo etilgan bo‘lib, 2 gektari tuproq sharoitida va 7 gektar Janubiy Koreyaning “Myung Sung Placon” kompaniyasi innovatsion texnologiyalari asosida, gidroponika usulida pomidor ko‘chatlarini yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerdagi barcha jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan.
Gidroponika tipidagi issiqxonaning afzalligi shundaki, maxsus unumdor yerga zarurat yo‘q. To‘liq avtomatlashtirilgan nazorat tizimi bilan boshqariladi. Joydan maksimal darajada foydalanish imkoniyati mavjud. Tejamkor usulda sug‘orish va oziqlantirish tizimi mavjud. Oddiy issiqxonalarga nisbatan suv 60–70 foizgacha, issiqlik esa 25–30 foizgacha tejaladi.
Xo‘jalik rahbarining ta’kidlashicha, an’anaviy issiqxona sharoitida bir tup pomidor ko‘chati o‘rtacha 3 kilogramm hosil tugsa, gidroponika usulida hosildorlik 10-12 kilogrammgacha yetadi.
Hozirgi kunda xo‘jalikda mahsulotni xalqaro andozalar talablari darajasida qadoqlash ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yetishtirilgan mahsulotning asosiy qismi Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.
Tashrif mobaynida talabalar gidroponika usuli yordamida pomidor ko‘chatlarini yetishtirish va ularni sug‘orish texnologiyalari bilan tanishishdi va o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga xo‘jalik rahbaridan javob olishdi.
Bu kabi tashriflar ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlagan holda, talabalarni kelajakda soha bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Axborot berdi “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi assistenti
Yulchiyev Davronbek Gulamovich
TIQXMMI matbuot xizmati