Toshkent yer resurslaridan foydalanish, geodeziya va davlat kadastrlari instituti tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Toshkent yer resurslaridan foydalanish, geodeziya va davlat kadastrlari institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligining geodeziya, kartografiya, yer resurslari va davlat kadastrlarini boshqarish yo‘nalishida respublika oliy ta’lim muassasalarida tayyorlanayotgan ta’lim yo‘nalishlarini optimallashtirish orqali Toshkent yer resurslaridan foydalanish, geodeziya va davlat kadastrlari institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanishi mumkin.

Belgilab qo‘yilishicha, Institut yer resurslaridan foydalanish va boshqarish, geodeziya, kartografiya va tegishli davlat kadastrlari sohasi uchun kadrlar, shu jumladan, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, mazkur yo‘nalishlarda ilmiy va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Institutning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

yer resurslaridan foydalanish va boshqarish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlari sohasi, uning o‘ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy asoslari yuzasidan zamonaviy bilimlarni chuqur o‘zlashtirgan, yuqori malakali mutaxassis kadrlarni mamlakatimiz va xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;

geodeziya va kartografiya o‘quv-laboratoriya bazasini barpo etish, o‘quv rejasi va fan dasturlarida soha bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, yuqori unumli va avtomatlashtirilgan zamonaviy ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha bilimlarni aks ettirish, ta’lim berish jarayonida nazariya va amaliyot birligini ta’minlash orqali oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilarining mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish;

xorijiy mamlakatlarning yer resurslaridan foydalanish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlari sohasidagi tajribasini hamda respublikamizda mavjud ilmiy salohiyatni chuqur o‘rgangan holda o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish, shuningdek, o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini va masofadan o‘qitish usullarini joriy etish;

professor-o‘qituvchilarning kasbiy bilimi, pedagogik mahorati va ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirish, xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning malakasini oshirish va stajirovkalarini tashkil etishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

fan, ta’lim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta’minlash orqali manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy-texnik vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan amaliy va innovatsion izlanishlarni amalga oshirish;

soha uchun kadrlar tayyorlashning uzviy tizimini yaratish, soha yo‘nalishidagi kasb-hunar kollejlari ta’lim dasturlarining uzluksizligi va izchilligini ta’minlash, ularda sifatli ta’lim berilishini tashkil etish;

bitirayotgan kadrlarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga yo‘naltirish, ularning kasbiy faoliyati monitoringini tizimli tashkil etish;

o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida pedagogika sohasidagi yetakchi respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;

istiqbolli yosh bitiruvchilarni xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarining magistratura va doktoranturasida ta’lim olishi uchun muntazam yuborish orqali Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;

respublika yer resurslaridan foydalanish va boshqarish, geodeziya, kartografiya va davlat kadastrlari sohasi mutaxassislarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agroinspeksiya xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashni amalga oshirish.

Quyidagilar belgilanishi mumkin:

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Institutga talabalarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;

Davergeodezkadastr qo‘mitasining Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Institutning barcha xodimlari uchun ularning ta’lim sifatiga va Institutning rivojlanishiga qo‘shgan amaliy hissalari uchun bazaviy lavozim maoshlari miqdoriga ellik foizgacha ustama qo‘shib hisoblanadi.

Institutda o‘qishning sirtqi ta’lim shakli tashkil etilishi nazarda tutiladi.

Davergeodezkadastr qo‘mitasi har yili 1 iyulga qadar buyurtmachilarining ehtiyojlarini o‘rganish asosida Institutda sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha qabul kvotalarini shakllantirish yuzasidan asoslangan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga kiritilishini ta’minlaydi.

Bunda, sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha qabul kvotalari 2019/2020 o‘quv yilida Institut bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun belgilangan qabul kvotalarining o‘ttiz foizigacha bo‘lgan miqdorda belgilanadi.

Manba: kun.uz