Mohiyatli memorandum
Innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish zamiriga qurilsa, davlatlararo manfaatli rivojlanish ta’minlanadi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekiston Respublikasidagi Oziq - ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti o‘rtasidagi ilmiy-nazariy va amaliy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilk bor hamkorlik memorandumi imzolandi.
Erga ishlov berish texnologiyasi, aniqrog‘i, tuproqni himoyalovchi resurs tejamkor texnologiyalarini yanada keng joriy etish bo‘yicha klaster yaratish loyihasi ham joriy yilning 29 avgust kuni imzolangan memorandumning asosiy maqsadlaridan biridir. Shuningdek, xalqaro konferensiya va turli yo‘sindagi seminarlar tashkil etish ham memorandumning tarkibiga kiradi. Joriy yilning 5 va 7 sentyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiya ham ana shu hamkorlik memorandumining amaldagi ijrosidir. Ushbu konferensiya nomidanoq, uning katta ahamiyatga ega ekanini sezish qiyin emas. Unda 70 ga yaqin xorijiy davlatlardan tashrif buyuradigan mutaxassislari ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda. O‘ylaymizki, “Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligida tuproq himoyalovchi resurs tejamkor texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi” mavzuidagi ushbu Xalqaro konferensiya O‘zbekistonni rivojlantirishning 2017 - 2021 yillarga mo‘ljallangan beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ayrim bandlari ijrosiga bevosita daxldor ekani bilan ham qiymatlidir. Memorandumni institutimiz rektori O‘.Umurzakov va Birlashgan Millatlar Tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakili yordamchisi Alisher Shukurov imzoladilar.
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov