“Xalqaro qizlar kuni”ga bag‘ishlandi
Ma’lumki, Xalqaro qizlar kuniga 2012 yil, 11 oktyabrda BMT Bosh assambleyasida asos solingan. Ushbu kun qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga butun dunyoning e’tiborini qaratish maqsadida har yili 11 oktyabrda nishonlanadi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Xotin-qizlar kengashi tashabbusi doirasida "Xalqaro qizlar kuni" munosabati bilan qizlar forumi tashkil etildi. U 2020 yil 11 oktyabr soat 16:00 da ZOOM platformasida o‘tkazildi. Unda barcha ayol professor-o‘qituvchilar va xodimlar, fakultetlar yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovinlari, fakultet murabbiylar kengashi raislari, barcha fakultet talaba-qizlari ishtirok etishdi.
Festivalni o‘tkazishdan asosiy maqsad qizlarning bilim olishiga, kitob o‘qishiga bo‘lgan qiziqishini, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, iqtidorli qizlar safini kengaytirish, shu bilan birga, uyushmagan qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kiyinish va muomala madaniyatini oshirish, ongi va qalbini g‘oyaviy tahdidlardan himoya qilish, bugungi islohotlarga faol munosabatlarini shakllantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ularni oilaviy hayotga tayyorlashdan iborat. Moderator tadbir mohiyati haqida so‘z yuritib onlayn davrani ochish va tabrik uchun institut rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardayevichga yuzlandi. Rektor Prezidentiiz rahnamoligida xotin-qizlarga imtiyoz va imkoniyatlar borasida olib borilayotgan islohotlar, gender tengligi, jumladan, institut miqyosida amalga oshirilgan rejalar va yutuqlar borasida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdilar.
So‘ngra "Jamiyatda ayollar roli" mavzusidagi videotaqdimot namoyish etildi. “Kiyinish odobi va o‘zini tutish madaniyati”mavzusi bo‘yicha institut Xotin-qizlar kengashi raisasi, professor Zuhra Karabaevna Ismailova ma’ruza qildilar. Mavzuga daxldor bo‘lgan faktlarni taqdimot dasturi orqali namoyish etishlari asnosida to‘la va mavzu yuzasidan mufassal ma’lumotlar keltirdilar. Talabalarning ijodiy ishlari aks etgan videorolik namoyishidan so‘ng talaba qizlar va ularning onalari o‘z tabriklarini izhor qilishdi. Ayni paytda taklif va tavsiyalarini ham bildirishdi. “Dizayn to‘garaklarida o‘quvchilarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish metodikasi” mavzusida O‘zbekiston badiiy Akademiyasi Ijodiy uyushmasi a’zosi Radjapova Zuxra Tirkashovnaning suhbati maroqli bo‘ldi.
Qizlar festivaliga talaba qizlarimiz tomonidan o‘zlarining ijodiy ishlari va qo‘l mehnatlari bo‘yicha tayyorlagan taqdimot va roliklaridan namunalar namoyish etildi. Ulardan keyin yoqimli kuy fonida qizlar tomonidan tayyorlangan videoroliklar qatnashuvchilar e’tiboriga havola etildi. Festival doirasida iqtidorli qizlarning turli sohalardagi ijod namunalari ko‘rgazmasi, noyob va innovatsion g‘oyalar namoyishi, qizlar mushoirasi, milliy liboslar namoyishi, yosh rassom qizlar ko‘rgazmasining tashkil etilishi va g‘olibalarning rag‘batlantirilishi maqsadga muvofiq bo‘ldi.
Festival yakuni bo‘yicha “Qizlar kuni" bayramida qizlarimizning ko‘rgazmalar taqdimoti bo‘yicha e’lon qilingan konkurs natijalari yuzasidan “Gumanitar fanlar”kafedrasining mudiri, professor Shohistaxon O‘ljayeva rais sifatida yakuniy natijalarni aytib, g‘oliblik o‘rinlarini e’lon qildilar. Festival yakunlari bo‘yicha o‘z faoliyatida yuksak marralarga erishgan qizlar taqdirlanadi. So‘ngra forumni yakunlash uchun so‘z institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Ruzimurat Choriyevga berildi. Ular tashkilotchilarga samimiy minnatdorchiligini bildirar ekan, sovg‘a va sovrinlar bilan birga talaba qizlarni tarbiyalab hunar o‘rgatgan, sharoit yaratgan ota-onalariga ham tashakkurnomalar yuborish kerakligini qayd etdilar.
TIQXMMI matbuot xizmati