Qalbingizga yaqin qadrli insondan ajralib qolish og'ir kulfat bu judolikka chidash juda mushkul va iztirobli. Ular faoliyat yuritgan oliy ta'lim muassasasiga kirib borganingizda go'yo ta’lim dargohi huvullab qolgandek tuyuladi.
Qalbingizga yaqin qadrli insondan ajralib qolish og'ir kulfat bu judolikka chidash juda mushkul va iztirobli. Ular faoliyat yuritgan oliy ta'lim muassasasiga kirib borganingizda go'yo ta’lim dargohi huvullab qolgandek tuyuladi.
So’z sharafli inson, qadrdonimiz ustoz Umurzakov O'ktam Pardayevich haqida.
O'z kasbiga, ta’lim sohasiga mehri hissasi ham chuqur singan fidoiy ustoz endilikda oramizda yo'q. Ming afsuski, beshafqat ajal ularni o’z domiga tortdi. Institutga kirib borarkansiz, atrofdagi gul-u gulzor. daraxtlar, devorlar auditoriyalar, stol-u stullar, qo’yingki, jonli va jonsiz narsalar go'yo ustozni yo’qlab, sharaflab, taraflab gapirayotgandek, nola-yu fig’on qilayotgandek bo'ladi. Tinib - tinchimas, harakatchan, o’z kasbiga g’oyatda mas’uliyatli O’ktam Pardayevichning g’ayrat-shijoati, ta’lim tizimiga e’tiborining hosilasi o’laroq, ular rahbarlik qilgan ta’lim muassasasi milliy va xalqaro reytinglarda yuqori ko’rsatkichlarga erishgani sir emas. Ta'lim tizimiga oid qonun va qarorlarni, farmon va farmoyishlarning va boshqa hukumat hujjatlarining ijrosini bekamu ko'st bajarish, nazorat qilish u insonning tabiatiga singgan edi. Respublika oliy ta'lim kengashini tashkil etishdagi jonbozliklari, jahonshumul mohiyatga ega dolzarb mavzulardagi xalqaro anjumanlarni tashkil etishdagi fidoyiliklari, shaxdam qadamlar bilan odimlashlari hamon ko’z o’ngimizda, unutib bo’lmaydi, aslo. Bu insonni qadrlaydigan uchrashganlarida ustoz deya yuz-u ko'zlarida nur balqib, yo’qotganlarida kozlarida yosh qalqib turadigan minglab shogirdlari, yaqinlari, farzand-u nevaralari, kasbdoshlari ular ortida qoldi. Ta'lim muassasamizning butun jamoasi “alvido, ustoz, oxiratingiz obod, ruhingiz shod bo'lsin, siz yonimizda bo'lmasangiz ham doim yodimizdasiz deyayotgandek. Beixtiyor dilga ushbu misralar keladi,
Umr oqar suvdir, aslo to’xtamas
Inson tirikligi jismi bilanmas,
Umr uzoqlik mezoni qoldi yaxshi nom,
E’zoz-u e’tibor hamda ehtirom.
Ilmparvarlik ularga xos-mos,
Odamiyligi ayricha libos.
Ezgu ishlarini eli qilar yod,
Ikkinchi umr-ku, yashashdan murod.
Darhaqiqat, ikkinchi umrini yashay boshlagan ustoz O'ktam Pardayevich samimiy inson, ayniqsa, talabalarga otalarcha g'amxo'r edilar. Rektorat majlislarida ba'zan professor o'qituvchilarga qarata “agar sizni farzandingiz o'z paytida stipendiya olmasa qanday kuyga tushgan bo'lardingiz”, deya tanbeh berishlari hamon yodimda. To’g’ri, quyosh botish uchun chiqadi, odamzod o’lish uchun tug’iladi deyishadi. Lekin gap umrni qanday o’tkazishda. El - yurt manfaati uchun ilm-u ta’limni muqaddas tutgan ma’rifatparvar inson chin ma’noda jannatiydir. “Olimlar mening merosxo’rlarimdir”- deya bejiz aytmagan rasululloh Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vasallam. Davlatimiz rahbari g’oyalariga sadoqati, tadbirlar o'tkazishdagi jonkuyarligi, bilim va salohiyati, yuksak rahbarlik qobiliyati, boshqaruv ma'daniyati, eng muhimi, odamgarchiligi barchamizga ibrat va saboq bo’lishi kerak. Ta’lim muassasamiz bilan bog’liq sanalar, yubiley tantanalarini jahonshumul tarzda o’tkazishni niyat qilgandingiz, afsus, taqdiri azal bunga izn bermadi. Muhimi, sizning davomchilaringiz bor, ular siz boshlagan xayrli ishlarni amalga oshirishlariga sidqidildan ishonamiz.
Alvido ustoz, oxiratingiz obod, ruhingiz shod bo'lsin!
Siz hamisha yodimizdasiz!
TIQXMMI matbuot xizmati