Pedagog portretiga doir

Pedagogning qalbu qiyofati, bilimi, harakati istiqbol imorati poydevoriga qo‘yiladigan g‘ishtning pishiq yoki xomligi demakdir. Ingliz olimi Devid Xomskiy bu masalaga o‘z e’tiborini qaratgan holda, ilk bor kompetensiya tushunchasini ilm-fanga olib kirgan. Kompetensiyaga bo‘lgan munosabatiga qarab pedagogning portretini chizish mumkin. Globallashuv zamonida zamonaviy pedagogning qiyofati, imiji, intellektual salohiyati, bir so‘z bilan aytganda, portreti qanday bo‘lishi kerakligi butun dunyo ta’lim tizimidagi o‘zak masaladir. Shu xususdagi vebinar - munozara sizni ham qiziqtirishi tabiiy. Joriy yilning 2020 yil 27 may kuni soat 10.00 da Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “ZAMONAVIY PEDAGOG PORTRETI - MUTAXASSIS OLIMLAR NIGOHIDA...” mavzusida VEBINAR - MUNOZARA o‘tkazildi. Ma’ruzachi sifatida pedagogika fanlari doktori, professor O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti “Pedagogika, psixologiya” kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari doktori, professor Aynisa Musurmonova ishtirok etdilar. Ular pedagog portretini yaratishda kommunikativ kompetensiyaning roli bilan bog‘liq mulohazalarini bildirdilar.

Ma’lumki, Ta’lim kompetensiyasi o‘quvchining kelajakdagi to‘laqonli hayotidagi faoliyatini modellashtiradi. Masalan, fuqaro ma’lum bir yoshga yetgunga qadar ayrim kompetensiyalarni hayotiga tatbiq eta olmaydi. Bu, albatta, shakllantirish shartmas degani emas. Masalan, o‘quvchi maktabda fuqarolik kompetensiyasini o‘zlashtirsa-da, uni hayotda maktabni bitirganidan so‘ng ishlatadi. Shunga ko‘ra bunday kompetensiyalar o‘qish davrida ta’lim kompetensiyasi sifatida namoyon bo‘ladi. Tayanch kompetensiyalarning dunyo bo‘yicha yagona qabul qilingan ro‘yxati yo‘q. Chunki har bir mamlakatning yoki hududning o‘z an’analari, mentaliteti va o‘ziga xos talablari bor. Kompetensiya – jamiyatning o‘z fuqarolariga qo‘ygan ijtimoiy buyurtmasi bo‘lib, ularning ro‘yxati muayyan mamlakatdagi yoki hududdagi ijtimoiy muhit bilan belgilanadi. Bunday kelishuvga har doim ham erishib bo‘lmaydi. Masalan, Shveysariya va Amerika Qo‘shma Shtatlarining iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti hamda ta’lim statistikasi Milliy institutining “Tayanch kompetensiyalarni tanlash va aniqlash” nomli loyihasida ham tayanch kompetensiyalarni qat’iy ravishda aniqlab olishning imkoniyati bo‘lmagan.

Pedagogning siyosiy, axborot va ma’naviy kompetensiyasi har doim kerak bo‘lishi tayin. Tajribadan foydali xulosa yoki natija chiqarib olishi, turli fanlarga va sohalarga oid bilimlarini o‘zaro bog‘lay olishi va ularni tizimlashtirishni, o‘zining shaxsiy o‘rganish usullarini tashkil qilish(o‘rnatish)ni, muammolarni mustaqil yecha olishni bilishi ham kommunikativ kompetensiyani tashkil qiladi. Ma’ruzadan so‘ng professor-o‘qituvchilar hamda talabalarning masofaviy tarzdagi savollari e’lon qilindi. Ma’ruzachi ularga to‘la - to‘kis javob berdi.

Ushbu virtual muloqot ko‘pchilikda iliq taassurot uyg‘otishi bilan birga mavzu borasida kengqamrovli bilim bergani bilan ham ahamiyatlidir. Institutimizning "PEDAGOGIKA, PSIXOLOGIYa" kafedrasining tashabbuskorligi va tashkilotchiligi bilan amalga oshirilgan ushbu vebinar seminar oliy ta’lim muassasalari pedagoglari, fan mutaxassislari bilan hamkorlikni doimiy ravishda yo‘lga qo‘yish zaruratini ham anglatdi.

Vebinar-munozara yakunida institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Ro‘zimurod Choriev ma’ruzachi professor Aynisa Musurmonovaga institut rahbariyati nomidan o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

"Gumanitar fanlar" kafedrasining assistenti B. Muqimov

TIQXMMI matbuot xizmati